Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.02.2017 18:58 Chop etish versiyasi

Parlament a’zolari bilan uchrashuv vaqtida tadbirkorlarni qiynayotgan ayrim muammolar joyida hal etib berildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida amalga oshirilayotgan islohotlar, aholi turmush tarzi bilan tanishmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilning mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilinishi munosabati bilan hamda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan g‘oyani hayotga tatbiq etish maqsadida amalga oshirilayotgan muloqotlarda joylarda iqtisodiy infratuzilma va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, moliya-kredit tashkilotlari faoliyatini samarali tashkil etish, aholi bandligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu qonun ijodkorlarining joylarda islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishishi, qabul qilinayotgan qonun va boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlar ijrosini o‘rganishi, aholining talab va takliflarini eshitgan holda kelgusi vazifalarni belgilab olishida muhim ahamiyat kasb etadi.

G‘allaorol tumanida tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev senatorlar va deputatlarning, davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining aholi bilan muloqotlari muammolarga joyida yechim topish, hududlarni har tomonlama rivojlantirish, xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Uchrashuvda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, fermerlar o‘z faoliyatini kengaytirish, yer ajratish, kredit olish va boshqa masalalar yuzasidan Senat Raisi va viloyat tashkilotlari rahbarlariga murojaat qildi, savollariga javob oldi.

Ayrim muammolarga shu yerning o‘zida yechim topildi. Jumladan, “Marvarid nur” kichik korxonasi rahbari Ixtiyor Xolbo‘tayevning kredit olish, “Oltin boshoq sadosi” firmasi rahbari Shavkat Sobirovning non ishlab chiqarish korxonasi uchun un fondini ko‘paytirib berish yuzasidan qilgan murojaatlarini hal etish bo‘yicha tegishli idoralar rahbarlari bilan aniq muddatlar kelishib olindi.

– Prezidentimizning xalq bilan muloqot o‘tkazishni davlat organlari oldiga eng muhim vazifa sifatida qo‘yayotgani ko‘plab muammolarimizni hal etishning ishonchli yo‘li ekaniga uchrashuvda to‘la amin bo‘ldim, – deydi “Muzbuloq – Oybek” fermer xo‘jaligi rahbari Abduvali Pardayev. – Ishlab chiqarish korxonasi qurish uchun xo‘jaligimiz hududidan yer ajratish bo‘yicha murojaat ko‘pdan buyon hal etilmay kelar edi. Ushbu uchrashuvda murojaatimizni qonuniy hal etish yuzasidan kadastr xizmati rahbarlariga aniq vazifa yuklatilib, ijrosi viloyat va tuman rahbarlari tomonidan nazoratga olindi.

Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlaridan iborat guruhlar tumandagi davlat va jamoat tashkilotlari, mahallalar, ta’lim va tibbiyot muassasalari faoliyati bilan tanishib, mahalla faollari, tadbirkor va fermerlar, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan muloqot o‘tkazmoqda. Muloqotlar davomida qabul qilingan qonunlar, Prezidentimiz farmon va qarorlarining ijrosi, tadbirkorlikni rivojlantirishga, aholi turmush darajasini oshirishga to‘siq bo‘layotgan kamchilik va nuqsonlar o‘rganilayotir.

O‘rganishlar natijalari tuman Kengashi deputatlari va faollari ishtirokida muhokama etiladi. Parlament a’zolarining aholi bilan muloqotlari joylarda davom etmoqda.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
1 073






Все о погоде - Pogoda.uz