O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

Senat qoʻmitalarining majlislari oʻtkazildi

Senat qoʻmitalarining majlislari oʻtkazildi

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmitalari va komissiyasining majlislari boʻlib oʻtdi. Ularda parlament yuqori palatasining yigirma uchinchi yalpi majlisi muhokamasiga kiritilgan masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.

Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida muhokama etiladigan masalalar mamlakatimiz taraqqiyotining sifat jihatidan yangi bosqichida belgilangan maqsadlar va vazifalarni amalga oshirishga, 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosiga qaratilgani alohida taʼkidlandi.

Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasining majlisida Oʻzbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki va “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki rahbarlarining xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun ajratilgan kreditlardan maqsadli foydalanish toʻgʻrisidagi hisobotlari ham eshitildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda ayollar tadbirkorligi mamlakatimiz iqtisodiy oʻsish jarayonining ajralmas qismidir. Ishbilarmon xotin-qizlar faoliyatining har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishi ularning jamiyat rivojidagi oʻrni va nufuzini yanada oshirmoqda. Xususan, ushbu yoʻnalishda Xalq banki filiallari tomonidan oʻtgan davrda jami 4 ming 33 tadbirkor xotin-qizga 100,4 milliard soʻm kredit mablagʻlari berilgan. Shundan joriy yilning 8 oyi davomida 3 ming 893 tadbirkor xotin-qizning 96,2 milliard soʻmlik loyihalari moliyalashtirilgan. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi natijasida 5 ming 600 dan ortiq ish oʻrni yaratilgan. “Mikrokreditbank” filiallari tomonidan esa joriy yilning 8 oyida 18 ming 139 xotin-qizga 352,4 milliard soʻm miqdorida kreditlar ajratilgan.

Qoʻmita ushbu bank filiallari tomonidan ajratilgan kreditlarning maqsadli ishlatilishini oʻrganganda bir qator kamchiliklar aniqlangan. Jumladan, kredit mablagʻlarining maqsadli ishlatilishi ustidan toʻliq va taʼsirchan nazorat taʼminlanmagan. Shuningdek, xotin-qizlar tadbirkorligi boʻyicha imtiyozli kreditlar ajratish, maqsadli foydalanish, ularni muddatida qaytarish va uning tadbirkorlik subyekti faoliyati samaradorligiga taʼsirini baholash kabi masalalarda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik ham talab darajasida yoʻlga qoʻyilmagan. Bu esa ayollar turmush sharoitlarini yaxshilash, xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, oilalarda maʼnaviy-axloqiy muhitni mustahkamlash maqsadida tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishiga ajratilayotgan imtiyozli kredit mablagʻlarining mamlakat iqtisodiyotidagi oʻrnining past boʻlishiga olib kelmoqda.

Majlis ishtirokchilari moliya muassasalari tomonidan ajratilayotgan qarz mablagʻlarining maqsadli ishlatilishi monitoringini yoʻlga qoʻyish, ishbilarmon ayollarning kredit resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish kabi yoʻnalishlarda fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi.

Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasining majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining joriy yil oʻtgan davrida amalga oshirilgan ishlari yuzasidan hisoboti eshitildi.

Taʼkidlanganidek, qoʻmita zimmasiga joriy yilda amalga oshirilishi zarur boʻlgan 29 vazifa yuklatilgan. Xususan, yongʻoqmevali plantatsiyalar tashkil qilish maqsadida har bir oʻrmon xoʻjaligi kesimida shunday daraxt turlari boʻyicha 10 ming gektar maydonda plantatsiyalar barpo etish loyihalarini ishlab chiqish va joylarda ekish ishlarini yakunlash topshirigʻi berilgan. Qoʻmita tomonidan mazkur loyihalar asosida bugungi kungacha faqat 6,4 ming gektar maydonda yongʻoqmevali plantatsiyalar barpo qilingan. Topshiriq belgilangan muddatda toʻliq amalga oshirilmagan. Shu munosabat bilan majlisda yongʻoqmevali plantatsiyalar tashkil qilish maqsadida har bir oʻrmon xoʻjaligi kesimida shunday daraxt turlari boʻyicha ekish loyihalarini ishlab chiqib, joylarda ekish ishlarini 2019-yilning 1-dekabr kuniga qadar yakunlash belgilandi.

Bundan tashqari, yil davomida bajarilishi belgilangan vazifalarning ayrimlari sustkashlik bilan olib borilayotgani ham qayd etildi. Xususan, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda qum koʻchishi va shamol er


oziyasiga qarshi respublikaning sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi yerlarida ixota daraxtzorlarini barpo qilish borasidagi ishlarni 2019-yil oxirigacha taʼminlash choralarini koʻrishi lozim.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi tomonidan 2019-yilning oʻtgan davridagi faoliyati samaradorligi ham muhokama qilindi. Mazkur tuzilma zimmasiga joriy yilda bajarilishi lozim boʻlgan 19 vazifa yuklatilgan. Yanvar-sentyabr oylarida belgilangan 10 ta vazifadan qoʻmita tomonidan 4 ta maqsadli vazifa bajarilmagan.

Jumladan, davlat xizmatlarini koʻrsatishda axborot resurslarni, 1949-2019-yillar davridagi arxiv fondini raqamlashtirish boʻyicha tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish topshirigʻi berilgan. “Davergeodezkadastr” qoʻmitasi tomonidan amalga oshirilgan “Koʻchmas mulkni roʻyxatga olish va kadastr tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida xorijiy konsalting korxonalari tomonidan ishlab chiqilgan qoʻllanma sifatsiz, tushunarsiz boʻlgani sababli bu boradagi ishlar hanuzgacha yakunlanmagan. Arxiv maʼlumotlarini raqamlashtirishni sinov shaklida joriy qilish uchun yuqori tezlikda va sifatli skaner qilish imkoniyatiga ega bor-yoʻgʻi 1 ta qurilma xarid qilingan.

Sanab oʻtilgan ana shu va boshqa kamchiliklarni bartaraf etish uchun mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda chora koʻrish taklif etildi. Qolaversa, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat (shahar) hokimliklari bilan birgalikda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan zaxiradagi yerlarni qayta xatlovdan oʻtkazib, Geoportalga joylashtirish va yil yakuniga qadar zaxiradan chiqarish choralarini koʻrish lozimligi qayd etildi.

Shuningdek, Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish hamda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitalarining qoʻshma majlisi ham oʻtkazildi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish boʻyicha umumeʼtirof etilgan xalqaro normalarni milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilishning holati boʻyicha axboroti eshitildi.

2019-yil 1-yanvar holatiga koʻra, mamlakatimiz aholisining 49,4 foizini xotin-qizlar tashkil qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolar jinsidan qatʼiy nazar, qonun oldida tengligi (18-modda), xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli ekanligi (46-modda) koʻrsatib oʻtilgan.

Oʻtgan davr mobaynida mazkur sohada 80 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat, shundan oxirgi bir yil ichida Prezident va Vazirlar Mahkamasining 15 farmon hamda qarori imzolandi. Shu bilan bir qatorda qonunchilikka ham bu yoʻnalishda oʻzgarishlar kiritilib, 10 dan ortiq universal xalqaro shartnomaga qoʻshilish haqida qarorlar qabul qilingan.

Majlisda qayd etilganidek, ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish boʻyicha umumeʼtirof etilgan xalqaro normalar milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilindi.

Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan qoʻmitalarning tegishli qarorlari qabul qilindi.

568
Abdulaziz MUSAYEV, OʻzA