O‘zA O`zbek

05.01.2018 17:12 Chop etish versiyasi

Sen shunga loyiqsan!

Poytaxtimizdagi A.Xlebushkina nomidagi 22-Mehribonlik uyi tasarrufidagi oromgoh kapital ta’mirlanib, barcha zarur jihozlar bilan ta’minlandi.

Mazkur oromgohning foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlangan tadbir va «Winter camp» bolalar qishki oromgohining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bolalarning qishki ta’til kunlarini mazmunli tashkil etish maqsadida amalga oshirilayotgan «Winter camp» loyihasi «Sen shunga loyiqsan!» shiori ostida o‘tkazilmoqda.

Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bir hafta davomida malakali pedagoglar hamda mutaxassislar tomonidan olib boriladigan interaktiv o‘yinlar, turli sport musobaqalari, to‘garaklar, seminar-treninglar, ijodiy kechalar va boshqa tadbirlarda ishtirok etadi.

– Vazirligimiz tomonidan o‘quvchilarning qishki ta’til paytidagi bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning maroqli dam olishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Xalq ta’limi vazirligi o‘quvchi-yoshlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sheroz Narzullayev. – Mazkur loyihada ham bolalarning nafaqat madaniy hordiq olishiga alohida e’tibor qaratilgan, balki ularning intellektual salohiyatini o‘stirishga, bilimini boyitishga xizmat qiladigan dasturlar ishlab chiqilgan. O‘quvchilarning ta’til kunlarini ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazayotgani kelgusidagi dars jarayonlarida faol qatnashishini ta’minlaydi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
7 426