O‘zA O`zbek

13.08.2018 19:00 Chop etish versiyasi

“Sen ham faol yoshlar safidasan!” loyihasida ishtirok etgan 200 dan ortiq yosh mutaxassis ishga joylashtirildi

Navoiyda viloyat hokimligi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat kengashi hamkorligida “Bizning eng katta tayanchimiz va suyanchimiz, hal qiluvchi kuchimiz yoshlar” shiori ostida forum o‘tkazildi.

Yoshlar bandligini ta’minlash, ularning muammolarini hal etishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan forum doirasida bir qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ochiq muloqotlar ham bo‘lib o‘tdi.

Navoiy davlat pedagogika institutida o‘tkazilgan “Yoshlar bandligini ta’minlash eng muhim vazifamiz” mavzusidagi ochiq muloqot ana shulardan biri.

Viloyat hokimligi vakillari, partiya faollari, deputatlar, talaba-yoshlar va jurnalistlar ishtirok etgan muloqotda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturida navqiron avlod kamoloti yo‘lida yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Yoshlarning muammo va takliflari tinglandi.

Partiyaning hududiy kengashi tomonidan joriy yil iyul oyida viloyatning barcha tuman va shaharlarida “Sen ham faol yoshlar safidasan!” loyihasi o‘tkazilib, unda “Yosh liberallar” hamda targ‘ibotchilar guruhi a’zolari ishsiz yigit-qizlarning muammolarini o‘rganish bilan birga, joylarda tadbirkorlik subyektlari va fermer xo‘jaliklaridagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot yig‘ilgan edi. Natijada loyihada ishtirok etgan 200 dan ortiq yosh mutaxassis ishga joylashtirildi. Tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan 45 yigit-qizga bank krediti ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, viloyat hokimi tomonidan 10 nafar yosh tadbirkorga imtiyozli kredit ajratilishi belgilandi. Zarafshon shahrida faoliyat olib borayotgan “Yosh ixtirochilar“ klubi uchun viloyat hokimining maxsus jamg‘armasidan 10 million so‘m berildi.

– Davlatimiz tomonidan biz, yoshlarning ixtirolari, tashabbus va g‘oyalari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda, – deydi klub rahbari T.Ahmadov. – To‘garagimizda 50 nafardan ortiq yosh ixtirochi o‘zi yaratgan innovatsion loyihalarni yanada takomillashtirib kelmoqda. Bizga ajratilgan mablag‘dan unumli foydalanib, uni klubimiz faoliyatini yaxshilashga sarflaymiz. Eng muhimi, endi markazimiz rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilib, maxsus hujjatlar taqdim etiladigan bo‘ldi.

“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi hamda “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyatida bo‘lib o‘tgan navbatdagi tadbirda yoshlar qo‘shma korxonalar hamda zamonaviy bug‘-gaz qurilmalari faoliyati bilan tanishdi.

Navoiy shahridagi “Amfiteatr” majmuasida “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida tashkil etilgan gala-konsertda san’atkorlarning Vatan, mustaqillik va tinchlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlari ko‘ngillarni xushnud etdi.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
1 704