Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.10.2017 16:26 Chop etish versiyasi

Sektorlar ishi: har bir oila, har bir odam manfaati e’tiborda

Prezidentimizning 2017-yil 8-avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Xorazm viloyati tuman va shaharlarida ham hokimlik, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq idoralarining hududiy organlari rahbarlari boshchiligida tuzilgan sektorlar samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Hududlarni kompleks iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar ishini tashkil etish Nizomi hamda “Mahalla – tuman (shahar) – viloyat – respublika” tamoyili asosida faoliyat yuritayotgan yangi tizimga aholining eng muhim muammo va masalalarini yechish yuzasidan keng vakolatlar berilib, katta mas’uliyat va javobgarlik yuklatilgan.

Har bir tuman va shahar ixtisoslashuvi chuqur tahlil qilingan holda, viloyat hududi to‘rt sektorga bo‘lindi. Sektorlar shtabi aholining kelib-ketishiga qulay bo‘lgan joylarda tashkil etildi. Shtablar kompyuter jamlamalari, aloqa vositalari va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Yotoqxonalar ajratilib, xodimlarning tunu kun navbatchiligi yo‘lga qo‘yildi. Shtablarda joylarda o‘rganilayotgan muammolar, amalga oshirilayotgan ishlar umumlashtirilib, aksariyatiga yechim topilmoqda, yuqori idoralar bilan bog‘liq masalalar tegishli tartibda tavsiya etilayotir. Hududlarda uyma-uy yurib, aholining yashash sharoiti va muammolari o‘rganilib, aniqlangan muammolarning ko‘pchiligi joyida bartaraf etilmoqda. Fuqarolarning murojaatlari asosan yo‘l va ko‘priklar ta’mirtalabligi, ayrim joylarda ichimlik suvi yetishmasligi, uy-joy, elektr energiyasi va gaz ta’minoti, ba’zi hududlarda maktab, maktabgacha ta’lim muassasasiga zarurat borligi kabi masalalardan iborat.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Sh.Rahmonov rahbarligidagi sektorga Xonqa, Yangiariq va Urganch tumanlari biriktirilgan. Hududdagi 141 mahallada 500 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.

– O‘rganishlar davomida uch tuman hududida 6 ming 173 muammo aniqlanib, ularning 5 ming 659 tasi joyida bartaraf etildi, 496 tasi “yo‘l xaritasi”ga kiritildi, – deydi Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Sh.Rahmonov. – Shu kunga qadar aholining 6 ming 721 gektar tomorqa yeriga ekin ekishiga yordam ko‘rsatildi. Hududlarni obodonlashtirish maqsadida 7 bolalar maydonchasi, 230 dan ortiq ko‘p qavatli uylarning tom va yerto‘lasi, fasad va kirish yo‘laklari ta’mirlanib, noqonuniy qurilmalar olib tashlandi. 11 kilometrdan ziyod ariq tozalandi. Aholi xonadonlariga tovuq boqish uchun 1 ming 200 ga yaqin qafas yetkazib berildi. Turli sabablar bilan ma’lum muddat xorijda bo‘lib qaytgan 1 ming 400 dan ortiq fuqaro ishga joylashtirildi.

Urganch tumanining Komiljon Otaniyozov nomidagi mahalla hududidagi 46- hamda 11-umumta’lim maktablarida 1 ming 500 dan ortiq o‘quvchi ta’lim oladi. Har ikki maktab o‘quvchi va o‘qituvchilarini bir necha yildan buyon qiynab kelayotgan muammo shundaki, mahallani teng ikkiga ajratib o‘tuvchi ariqqa o‘rnatilgan piyodalar ko‘prigi yaroqsiz holga kelib qolgan. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining mahalla fuqarolari bilan ochiq muloqotida ushbu masala o‘rtaga tashlanib, qisqa muddatda har ikki maktabga yaqin joyda ikkita ko‘prik qurildi.

– Nevaralarimning ko‘pchiligi maktabda o‘qiydi, – deydi mehnat faxriysi S.Ibrohimov. – Ular maktabdan qaytguncha xavotirda o‘tirar edik. O‘tgan yili qishda qo‘shnimning bolasi o‘sha nosoz ko‘prikdan o‘taman, deb suvga tushib ketdi. Qattiq shikastlandi. Sektor boshlig‘iga qilgan murojaatimiz tegishli idoralar bilan hamkorlikda ijobiy hal etilganidan butun mahalla ahli xursand. Endi nevaralarimiz qisqa va xatarsiz yo‘ldan maktabga borib kelmoqda. Bunday ezgu ishlar tashabbuskori va rahnamosi bo‘lgan davlatimiz rahbaridan minnatdormiz.

Sektor faoliyatida nafaqat murojaat qilgan fuqarolar muammolari hal etilmoqda, balki hududni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishni jadallashtirishga ham alohida e’tibor qaratilayotir. Shu maqsadda sektor xodimlari uyma-uy yurib, aholi bilan bevosita muloqot o‘tkazmoqda. Bu jarayonda nogironlar va o‘zgalar ko‘magiga muhtoj oilalar ahvoli to‘liq o‘rganilib, ularning ehtiyojini ta’minlash doimiy e’tiborda bo‘lmoqda. Masalan, Xonqa tumani Ahillik mahallasida istiqomat qiluvchi Boljon Sharipova xonadoni o‘rganilib, unda eski uyni qayta ta’mirlash imkoni bo‘lmagani uchun 3 xonali yangi uy qurib berildi.

– Yolg‘izgina nogiron o‘g‘lim bilan yashayman, – deydi B.Sharipova. – Kuz-qish yaqinlashgani sayin meni g‘am bosaverardi. Uy eskiligidan yog‘ingarchilik payti tomdan chakka o‘tardi. Ayniqsa, izg‘irinli kunlarda o‘g‘lim ikkimiz juda qiynalardik. Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan xayrli ishlar tufayli uyimiz yangidan qurib berildi. Bu ishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga minnatdorlik bildiraman.

Muxtasar aytganda, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi talab va ehtiyojlarini ta’minlashga ko‘maklashadigan tizim sifatida tashkil etilgan sektorlar faoliyatidan aholi mamnun. Qilingan ishlar salmog‘i hali u qadar katta bo‘lmasa-da, davlat boshqaruvi idoralarini qishlog‘u mahallaga, oilalarga, har bir insonga yanada yaqinlashtirayotgan ushbu tizimdan odamlar xursand. Sektorlar rahbarlari o‘zlariga biriktirilgan hududda yashayotgani, aholi bilan hamnafas bo‘lish, mushtarak maqsadlar yo‘lida hamjihatlikda ish yuritish ezgu tashabbuslarni to‘liq ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA
1 485






Все о погоде - Pogoda.uz