Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.10.2017 12:02 Chop etish versiyasi

Sektor xodimlari uyma-uy yurib aholi bilan bevosita muloqot o‘tkazmoqda

Prezidentimizning 2017-yil 8-avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Jizzax viloyati tuman va shaharlarida hokimlik, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq idoralarining hududiy organlari rahbarlari boshchiligida tuzilgan sektorlar samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Hududlarni kompleks iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar ishini tashkil etish Nizomi hamda “Mahalla – tuman (shahar) – viloyat – respublika” tamoyili asosida faoliyat yurtayotgan yangi tizimga aholining eng muhim muammo va masalalarini yechish yuzasidan keng vakolatlar berilib, katta mas’uliyat va javobgarlik yuklatilgan.

Har bir tuman va shahar ixtisoslashuvi chuqur tahlil qilingan holda, viloyat hududi to‘rt sektorga, xuddi shunday shahar va tumanlar ham to‘rttadan sektorga bo‘lindi. Har bir sektor tarkibida mutaxassislardan iborat ishchi guruhlar tuzildi. Ayni paytda viloyatda to‘rtta, shahar va tumanlarda ellik ikkita sektor va ularning tarkibida 1 ming 142 nafar turli soha mutaxassislari faoliyat olib borayotir.

Sektorlar shtabi aholining kelib-ketishiga qulay bo‘lgan joylarda tashkil etildi. Tuman va shaharlardagi 52 shtab hududlar markazidagi aholi maskanlariga joylashtirildi. Shtablar komputer jamlamalari, aloqa vositalari va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Yotoqxonalar ajratilib, xodimlarning kunu tun navbatchiligi yo‘lga qo‘yildi.

Har bir sektor shtabida joylarda o‘rganilayotgan muammolar, amalga oshirilayotgan ishlar umumlashtirilib, aksariyatiga yechim topilmoqda, yuqori idoralar bilan bog‘liq masalalar tegishli idoralarga tavsiya etilmoqda.

Sektorlar hududini belgilash, ularning shtablari faoliyatini yo‘lga qo‘yishda shahar va tumanlar aholi nufusi, iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish, geografik, demografik xususiyatlari hisobga olingani yangi tizimning samarali ishlab ketishida muhim omil bo‘layotir.

Masalan, G‘allaorol tumani hokimi boshchiligidagi birinchi sektorga 40 mingga yaqin aholi istiqomat qilayotgan "Xonimqo‘rg‘on", "Mulkush", "Mirzabuloq", "Moltob", "G‘o‘bdin" qishloq va "Do‘stlik", "Alamli" mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlari kirtilgan. Sektor shtabi Ketmonchi qishlog‘idagi sobiq “Bolg‘ali” qishloq vrachlik punkti binosida tashkil etilgan.

Shtab joylashgan bino peshtoqiga sektorning tartib raqami ko‘rsatilgan peshlavha o‘rnatilib, bino atrofi tartibga keltirildi. Binoda sektor xodimlari va murojaat qiluvchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Sektorning mahallalar aks ettirilgan xaritasi, xodimlarning uyma-uy yurish va navbatchilik jadvallari ishlab chiqilib, tezkor ma’lumotlar, axborot va normativ-huquqiy hujjatlardan ko‘chirmalar odamlar tanishishi qulay joylarga uchun osib qo‘yilgan.

Eng muhimi, sektor faoliyat boshlaganidan buyon ko‘p vaqt o‘tmasdan, davlatimiz tomonidan hududlarni jadal iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan yangi tizimning aholi turmush faravonligini yaxshilash, odamlarni qiynayotgan muammolarni hal etishga ta’sirini ko‘pchilik his etmoqda. Shu bois shtabga keluvchilar ham, o‘z muammosini hal etayotganlar soni ham ko‘paymoqda.

– Bunday tizim yo‘lga qo‘yilishi davlatimiz tomonidan har bir odamning manfaatini ta’minlash yo‘lida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi, – deydi "Mirzabuloq" qishloq fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi O‘rol Mamarahimov. – Besh yildan buyon ish topolmay yurgan edim. Sektorga murojaatdan keyin muammo birdaniga hal bo‘ldi. Tuman yo‘l xo‘jaligi pudrat korxonasiga ishga joylashdim. Bunday ezgu ishlar uchun Prezidentimizdan minnatdormiz.

Xuddi shunday minnatdorlik so‘zlarini sektor ko‘magida Xonimqo‘rg‘on qishlog‘idagi 36-umuta’lim maktabiga kutubxonachi bo‘lib ishga kirgan Erkin Abdullayev, tuman tibbiyot birlashmasiga ishga joylashgan Do‘stlik mahallasida yashovchi Gulchehra Eshmirzaevadan ham eshitish mumkin.

Sektor faoliyatida nafaqat murojaat qilgan fuqarolar muammolarini hal qilmoqda, balki hududni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishni jadallashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda sektor xodimlari uyma-uy yurib aholi bilan bevosita muloqot o‘tkazmoqda.

Bunday ishlar tumandagi boshqa sektorlar tomonidan ham olib borilayotir. Bu jarayonda nogironlar va mehnatga layoqati cheklangan fuqarolar ahvoli to‘liq o‘rganilib, ularning ehtiyojini qondirish borasida qilinayotgan ishlarni sektorlar faoliyatining dastlabki samarasi, deyish mumkin.

O‘zgalar ko‘magigiga muxtoj fuqarolar ehtiyojini o‘rganish natijalariga ko‘ra, hozirgacha 18 nafar II guruh nogironiga tikuv mashinasi bepul berilib, ularning qo‘shimcha daromad topishi uchun imkoniyat yaratildi. 13 oilaga yangilangan loyihalar asosidagi arzon uy-joylardan berish, 5 fuqaroga uy qurish uchun qurilish materiallari bilan ko‘maklashish ko‘zda tutilgan.

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining talab va ehtiyojlarini ta’minlashga ko‘maklashadigan tizim sifatida tashkil etilgan sektorlar faoliyati endi boshlanmoqda. Dastlabki qilingan ishlar salmog‘i katta bo‘lmasa-da, davlat boshqaruvi idoralarini qishloq va mahallalarga, oilalarga, har bir odamga yanada yaqinlashtirish maqsadida tashkil etilgan yangi tizim bu yo‘lda yana bir muhim qadam bo‘lgani ko‘rinib turibdi.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
1 547






Все о погоде - Pogoda.uz