Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.02.2018 20:02 Chop etish versiyasi

Sayyor sud majlisi mahallada bo‘lib o‘tdi

Sayyor sud majlisi mahallada bo‘lib o‘tdi Jinoyat va huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni munosabati bilan Farg‘ona viloyatida ham turli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Aholi o‘rtasida keng ko‘lamli tushuntirish ishlari olib borilib, ilgari ochilmay qolgan jinoyatlar fosh qilinmoqda. Aybdorlar ishi bevosita odamlar ko‘z o‘ngida sayyor sud majlislarida ko‘rilayotir.

– Mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etish jarayonida qonun va adolat ustuvorligini ta’minlash eng muhim vazifalardandir, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudi raisi Mansurjon Ibrohimov. – Sudni adolat qo‘rg‘oniga aylantirishga qaratilgan sa’y-harakatlar izchil davom ettirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi sudyalarining mamlakat xalqiga murojaati qabul qilindi. Unda, jumladan, “Sudni tom ma’noda “Adolat qo‘rg‘oni”ga aylantirishda bor bilim va tajribamizni safarbar etamiz. Sudga borgan har bir fuqaro faqat adolat topishiga kafolat beramiz”, deyiladi. Bunga erishish oson emas, albatta. Buning uchun ongimizda – adolat, tilimizda – haqiqat, dilimizda esa poklik ustuvor bo‘lishi talab etiladi.

Sudyalar tomonidan aholi bilan ochiq muloqotlar tashkil etilayotgani, mahalla, korxona va tashkilotlarda sayyor sud majlislari o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani tizimning ochiqligini ta’minlash bilan birga, aholining sud tizimiga, adolatga, davlatga ishonchini oshirishga xizmat qilmoqda. Jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudi tomonidan 2017 yilda 1 ming 331 ma’muriy va jinoyat ishlari sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi.

Marg‘ilon shahar Uvaysiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tgan sayyor sud majlisida A.Asqarovning jinoyat ishi ko‘rildi. Mazkur mahallada yashovchi A.Asqarov o‘zining yashash xonadonida “do‘stlari” bilan o‘rtaga pul tikib, qimor o‘yinini tashkil qilgan. Qonunga xilof ravishdagi bu holat ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan fosh etildi.

Keng jamoatchilik ishtirokidagi sayyor sudda Asad Asqarovning ana shu qilmishlari atroflicha ko‘rib chiqildi. Albatta, jinoyatga jazo muqarrar. Sud majlisida sudlanuvchining chin dildan pushaymonligi, oilaviy sharoiti va mahalla fuqarolar yig‘ini raisining kafolat xati inobatga olindi. Unga uch yil ozodlikni cheklash bilan bog‘liq jazo tayinlandi. Bu A.Asqarov uchun bir imkoniyat. Agar u bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib, mahalla uchun mehnat qilsa, biror ishning etagini tutsa, ishonchni oqlaydi.

Ma'sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
3 623