Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.08.2017 15:44 Chop etish versiyasi

Sayyor qabullarda murojaatlarga yechim topilmoqda

Xalq bilan muloqotning ta’sirchan va samarali usuli – sayyor qabullar odamlarni qiynayotgan muammolarga joyida yechim topish, mavjud kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etishda yuksak samaralar bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati mas’ul xodimlari tomonidan Jizzax viloyati Zomin tumanidagi “Sayqal” oromgohida o‘tkazilgan sayyor qabulda bu fikr yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.

Zomin, Zarbdor, Yangiobod tumanlaridan fuqarolar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan sayyor qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jizzax viloyatidagi Xalq qabulxonasi hamkorligida tashkil etildi.

Murojaatlarning ko‘pchiligi uy-joy, moddiy yordam, ishga joylashish, sog‘liqni saqlash, bolalar nafaqasi, ichki yo‘llarni ta’mirlash, sug‘orish shoxobchalarini sozlash, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, kredit olish masalalariga oid bo‘ldi. Murojaatlarning aksariyatiga shu yerning o‘zida yechim topildi.

Yangiobod tumanidan Dilfuza Rahmonberdiyevaning buyrak yetishmovchiligi sababli jarrohlik operatsiyasi uchun mablag‘ so‘rab qilgan murojaati qabul davomida hal etildi. Unga Prezidentimiz tomonidan muhtoj kishilarda jarrohlik amaliyotini o‘tashga ko‘maklashish uchun ajratilgan mablag‘ hisobidan 30 million so‘m beriladigan bo‘ldi.

Zarbdor tumani Oqbuloq mahallasida yashovchi Gulasal Eshonqulovaning gazdan asossiz qarzdorlik hisoblangani yuzasidan qilgan murojaatiga respublika va viloyat gaz idoralari rahbarlarining aralashuvi bilan yechim topildi.

Dashtobod shahridan Shahnoza Cho‘liyeva kasal o‘g‘lini davolatishga Beruniy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini rahbarlari yordam bermayotganidan shikoyat qildi. Sayyor qabulda onaning murojaatini hal etish bo‘yicha “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi va tuman bo‘linmasiga aniq vazifalar topshirildi.

– Sayyor qabulga 2013-yilda foydalanishga topshirilgan namunaviy loyihadagi uyim bilan bog‘liq muammo bo‘yicha murojaat qildim, – deydi zominlik 73 yoshli Ummat bobo Qarshiboyev. – Murojaatim o‘rganilib, muammoni hal etish bo‘yicha “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi Jizzax viloyati filiali direktoriga aniq topshiriq berildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi tashkil etilgani, mana bunday sayyor qabullar yo‘lga qo‘yilgani ayni odamlar ko‘nglidagi gap bo‘ldi. Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlikdan behad mamnunmiz.

Sayyor qabul davomida 60 dan ziyod fuqaroning murojaati ko‘rib chiqilib, aksariyati joyida hal etildi. Yechimi ma’lum vaqt talab etadigan murojaatlar bo‘yicha tegishli tashkilotlarga ko‘rsatmalar berildi, ijrosi nazoratga olindi.

Tadbirda Jizzax viloyati hokimi U.Uzoqov so‘zga chiqdi.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
1 870






Все о погоде - Pogoda.uz