Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.09.2017 15:33 Chop etish versiyasi

Sayyor qabulda 61 fuqaroning murojaati deputatlar, mutaxassislar ishtirokida o‘rganildi

Toshkent viloyatining Angren shahrida “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostida aholi bilan ochiq muloqot va sayyor qabul bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi vakillari, xalq deputatlari viloyat va shahar Kengashlari deputatlari, shahar hokimligi mas’ullari va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etgan tadbirda aholi bandligi, bankdan kredit olish, turar joy, kommunal xizmat va tadbirkorlik faoliyatiga oid muammolar tinglandi.

– Davlat va nodavlat tashkilotlari, jumladan, siyosiy partiyalar tomonidan tashkil etilayotgan bunday tadbirlar muammolarni joyida o‘rganish, ularga yechim topishga xizmat qilayotir, – deydi partiya viloyat kengashi devoni rahbari Sh.Nasimov. – Bugungi sayyor qabulda 61 fuqaroning murojaati deputatlar, mutaxassislar ishtirokida o‘rganildi. Tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yuborilib, ijrosi qat’iy nazoratga olindi.

Sayyor qabulda mutaxassisligi bo‘yicha ish topa olmagan Dukent qo‘rg‘onida yashovchi Barno Ergashevaning muammosi ham ijobiy yechim topdi.

– Shahrimizdagi sanoat va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejini tamomlab, ishsiz yurgan edim, – deydi Barno. – Bugungi tadbirda ishtirok etib, tez orada ishga joylashadigan bo‘ldim.

Mashhura Boymatova o‘zi yashaydigan Bo‘ston mahalla guzarida aholiga maishiy xizmat ko‘rsatuvchi savdo do‘koni, sartaroshxona va umumiy ovqatlanish shoxobchalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun tijorat bankidan kredit olish masalasida amaliy yordam so‘rab murojaat qildi. “O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat banki shahar filiali unga kredit olishda amaliy yordam ko‘rsatadigan bo‘ldi.

Tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, hududdagi yo‘llarni asfaltlash va aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Abdulasiz Musayev, O‘zA
800






Все о погоде - Pogoda.uz