Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.09.2017 18:12 Chop etish versiyasi

Sayyor qabulda 21 murojaat o‘rganilib, aksariyatiga joyida yechim topildi

Toshkent viloyati Bekobod shahridagi “Metallurg” mahalla fuqarolar yig‘inida “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostida tashkil etilgan ochiq muloqot va sayyor qabulda 21 murojaat o‘rganilib, aksariyatiga joyida yechim topildi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi vakillari, xalq deputatlari viloyat va shahar Kengashlari deputatlari, shahar hokimligi mas’ullari hamkorligida o‘tkazilgan sayyor qabulda asosan bandlik, yangi ish o‘rinlari yaratish, turar-joy, kommunal xizmat masalalari, ta’lim va tibbiyot tizimiga oid murojaatlar muhokama qilindi.

– Mahallamizda yoshlar uchun birorta to‘garak yoki kutubxona yo‘q, – deydi ushbu mahallada yashovchi Tojixon Bobonazarova. – Bugungi sayyor qabulda farzandlarimiz darsdan so‘ng vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun mahalla guzarida kutubxona va turli to‘garaklar tashkil etilishini so‘rab murojaat qildik. Tegishli tashkilotlar mutasaddilari tomonidan bu masalaga yechim topiladigan bo‘ldi.

Fuqaro Sharifjon Shokirovning farzandini ish bilan ta’minlash bo‘yicha qilgan murojaati ham ijobiy hal etilib, oilasiga moddiy yordam ko‘rsatildi.

– Sayyor qabullarda fuqarolarimiz faqat o‘z dardu tashvishi bilan murojaat etmasdan, balki ko‘pchilikning muammolarini ko‘tarib chiqayotgani ularda yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi yuksalayotganidan dalolatdir, – deydi partiya viloyat kengashi raisi M.Nazarov. – Aholi bilan bu kabi ochiq muloqot orqali ularga yanada yaqin bo‘lishga haraqat qilmoqdamiz, qiynayotgan muammolarini o‘rganish asnosida kelgusida nimalarga ahamiyat berish lozimligi haqida ko‘p narsalarni bilib olmoqdamiz.

Tadbirda mahalla farovonligini ta’minlashda barcha faol bo‘lishi, to‘y marosimlaridagi isrofgarchilikni kamaytirish, erta turmush va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish bo‘yicha fikr almashildi.

Aadulaziz Musayev, O‘zA
827






Все о погоде - Pogoda.uz