O‘zA O`zbek

20.08.2019 Chop etish versiyasi

Sayyor qabul: Yechimi yo‘q muammo bo‘lmaydi

Sayyor qabul: Yechimi yo‘q muammo bo‘lmaydi

Sergeli tumanida Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari N.Tursunovning navbatdagi sayyor qabuli o‘tkazildi. E’tiborlisi bu galgi xalq bilan muloqot oldingilaridan farqli tarzda, ya’ni hududdagi “Shukrona” mahallasida o‘tkazildi. Sayyor qabuldan so‘ng uyma-uy yurib aholi muammolari o‘rganildi.

– Har bir muammoning albatta, yechimi bor. Buning uchun mutasaddilar xalqning oldiga rahbar sifatida emas, oddiy fuqaro sifatida kelib, ularning muammolarini, dardlarini eshitishi lozim, deya so‘z boshladi sektor rahbari. – Bugun Sergeli tumani ulkan bunyodkorlik maydoniga aylandi. Yangidan-yangi uylar qurilib, uzoq yillardan beri uy-joyga muhtoj fuqarolar boshpanali bo‘lmoqda. Bundan tashqari, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga eltuvchi yo‘llar ta’mirlanmoqda.

Sayyor qabul davomida 50 dan ziyod murojaatchining masala va muammolari tinglanib, 18 ta murojaat joyida hal etildi.

photo5395649693662423978.jpg

Xususan, “Qo‘shqo‘rg‘on” mahallasi 5-tor ko‘chasi 14-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro Nigora Mahamatova mahallada lotok va ariqlar yo‘qligi sabab, yog‘ingarchilik kunlarda xonadonlar atrofi suvga to‘lib ketishini bildirdi. Mazkur murojaat bo‘yicha mas’ul idoralarga topshiriq berilib, ushbu masalani 15 kun muddatda ijobiy hal etilishi belgilandi.

Sektor rahbari sayyor qabulga kela olmagan nogironligi bor fuqarolarning xonadonlarida bo‘lib, ularning holidan xabar oldi. Muammolarini tingladi.

Jumladan, “Shukrona” mahallasi 6-uy, 40-xonadonda yashovchi fuqaro Mariya Kirsanova yolg‘iz yashaydi. Boz ustiga ko‘zlari yaxshi ko‘rmaydi. Jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun esa yolg‘iz ayolning moddiy imkoni yo‘q. Sektor rahbari tomonidan shu kunning o‘zida M.Kirsanovani jarrohlik amaliyotiga tayyorlash uchun mutasaddi rahbarlarga ko‘rsatma berildi. Unga moddiy yordam berilib, nogironlar aravachasi topshirildi. Shuningdek, xonadonidagi issiq va sovuq suv hisoblagichlari yangisiga almashtirildi. Shu kuni mutasaddilar jalb etilgan holda ko‘p qavatli uyning lifti ta’mirlab berildi.

photo5395412607172717256.jpg

Hududdagi 6-uy, 3-xonadonda yashovchi yana bir fuqaro Muhabbat Komiljonovaning 2 nafar farzandi nogiron. O‘zi esa, bir necha yildan buyon buyrak va jigar xastaligidan aziyat chekadi. Davolanish uchun yo‘llanma berishlarini so‘rab qilingan murojaatlar besamar ketgan. Yo‘llanmani 3 yil kutish kerakligini eshitgan opaning dardi yana bittaga ko‘paydi.

M.Komiljonova sayyor qabul davomida sektor rahbaridan 10 kun muddatga Yunusobod tumanidagi “Chinobod” sanatoriysiga yo‘llanma berilishini eshitgach, quvonchdan ko‘zlari namlandi.

Sektor rahbari sayyor qabul jarayonida ta’mirlash ishlari olib borilayotgan tumandagi 277-sonli maktab hamda 12-sonli oilaviy poliklinikada ham bo‘ldi. U yerdagi muammolar o‘rganilib, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Toshkent shahar DSB Matbuot xizmati.

2 536
O‘zA