O‘zA O`zbek

21.09.2020 Chop etish versiyasi

Sayyor qabul: muammolar joyida hal etildi

Sayyor qabul: muammolar joyida hal etildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi oʻrinbosari A.Usmonov rahbarligidagi Respublika ishchi guruhi joriy yilning 11-18-sentyabr kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus shahrida, Taxiatosh, Boʻzotov, Taxtakoʻpir, Chimboy, Moʻynoq, Qoʻngʻirot, Qoraoʻzak, Toʻrtkoʻl va Amudaryo tumanlarida sayyor qabul oʻtkazdi.

Oʻtkazilgan tadbirlar davomida jami 3076 ta masala boʻyicha murojaat qabul qilinib, shundan 1017 ta murojaat ijobiy hal qilindi, 785 ta murojaatga tushuntirish berildi va 1274 ta murojaat ijro uchun nazoratga olindi. Fuqarolar tomonidan asosan ish bilan taʼminlash, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, uy-joy va moddiy yordam, sud qarorlari, ichki ishlar organlari faoliyati, yoʻllarni taʼmirlash, gaz va elektr taʼminoti, uy-joy kommunal xizmati, sogʻliqni saqlash, tijorat banklariga oid va boshqa masalalarda murojaat kelib tushdi.

Ommaviy qabul doirasida sayyor sud majlislari oʻtkazilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 73-moddasiga asosan 30 nafar mahkum jazoning oʻtalmagan qismidan shartli ravishda ozod qilindi. Bundan tashqari, 25 nafar shaxsga nisbatan qoʻzgʻatilgan maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrilib, huquqbuzarlar Maʼmuriy Javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 21-moddasiga asosan ogohlantirilib, javobgarlik va jazodan ozod etildi. Tadbirkorlar va xoʻjalik yurituvchi subyektlardan kelib tushgan 11 ta daʼvo ariza koʻrib chiqilib, shundan tadbirkorlik subyektlari foydasiga 590,3 million soʻm undirildi.
7.jpg

Bosh prokuratura tomonidan 2 ta sud qaroriga protest keltirildi, 5 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad qilish haqidagi qaror bekor qilindi, 4 ta jinoyat ishiga koʻrsatma berildi. Bundan tashqari, Qoraoʻzak tumani “Quralpa”ovul fuqarolar yigʻini hududida yashovchi 90 ta xonadonga tozalangan ichimlik suvi yetkazib berildi, jami 5 kilometr yoʻllarga qum-shagʻal yotqizildi. 5 nafar fuqaroga jami 238 million soʻmlik kredit mablagʻi olib berildi va 31 nafar fuqaroning bandligi taʼminlandi.

Ichki ishlar vazirligi rahbarlariga murojaat qilgan 6 nafar fuqaro ichki ishlar organiga ishga qabul qilinib, 2 nafar fuqaro qayta ishga tiklandi, 11 nafar fuqaroligi boʻlmagan shaxsga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini tan olish boʻyicha 17 nafar fuqaroga hujjat rasmiylashtirildi. 1 nafar fuqaroga manzil koloniyasiga oʻtkazish masalasi hal qilindi. Kelib tushgan murojaat boʻyicha 1 kilometr yoʻlga shagʻal yotqizildi, 1 ta kam taʼminlangan oilaning uy-joyi toʻliq taʼmirlandi.

4.JPG

– Qabul doirasida Ӯzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligi vakillari maktabimizda bӯlib, sharoitlar bilan yaqindan tanishdi, – deydi Qoraӯzak tumani xalq taʼlimi bӯlimiga qarashli 8-umumtaʼlim maktabi direktori ӯrinbosari Davron Toʻreniyazov. – Jamoamiz tomonidan bildirilgan murojaat inobatga olinib, 16 dona kompyuter jamlanmasi, maktab ӯquvchilarining sӯnggi yangiliklar bilan tanishib borishlari uchun radiouzel, boshlangʻich sinf ӯquvchilari uchun qӯl yuvish rakvinasi sovgʻa qilindi. Bundan judayam mamnunmiz.

Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilalarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi mutasaddilari tomonidan Kegeyli tumanida yashovchi kam taʼminlangan Z.Ibragimovaga uy-joyini taʼmirlash uchun 6 ming dona gʻisht, Chimboy tumanida yashovchi kam taʼminlangan T.Jiyemuratova va Qoraoʻzak tumanida yashovchi 2-guruh nogironligi bӯlgan shaxs K.Jumabayev xonadonlari taʼmiri uchun 240 ta shifer berildi. Shuningdek, 1,6 kilometr yoʻlga qum-shagʻal yotqizildi. 860 metr yoʻl tekislandi va 15 kilometr yoʻl chuqurlari taʼmirlandi.

Joylardagi ommaviy qabul mobaynida 29 nafar fuqaro doimiy ish bilan taʼminlandi. 41 nafar fuqaro haq toʻlanadigan jamoat ishiga jalb qilindi. 46 nafar fuqaro kasbga tayyorlash uchun yuborildi. 31 nafar fuqaroga ishsizlik nafaqasi tayinlandi. 3 nafar fuqaroga moddiy yordam, 85 nafar ishsiz fuqaroga ishga qabul qilish uchun yoʻllanma berildi.

3 (2).JPG

Sogʻliqni saqlash vazirligi mutasaddilari tomonidan 22 nafar fuqaroga davolanish uchun order, 8 nafar fuqaroga nogironlik guruhiga chiqish uchun ekspertizaga yoʻllanma berildi. 1 nafar fuqaro kislorod konsentratori bilan taʼminlandi. Shuningdek, 15 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi va eshitish moslamasi topshirildi. Bundan tashqari, 3nafar fuqaro tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha ishga joylashtirildi. Buyuk Britaniyalik tibbiyot xodimlari ishtirokida 2 nafar bemorga teletibbiyot muloqoti orqali tashxis qoʻyildi. Qoraoʻzak tumanida 3 nafar bemorga murakkab yuqori texnologik amaliyot bajarish uchun 200 million soʻmlik moliyaviy manbani topib yordam koʻrsatish belgilandi.

–1986-yilda tugʻilgan farzandim Baxitboy Avezbaqiyevga jarrohliq amaliyoti uchun yordam soʻrab murojaat qildim, – deydi Boʻzatov tumanidagi “Sarancha” ovulida yashovchi fuqaro Biybirӯza Qabilbekova. – Murojaatim inobatga olinib, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Qoraqalpogʻiston kasaba uyushmasi tashkilotlari birlashmasi Kengashi tomonidan 36 million soʻm mablagʻ ajratib berildi.

Tabiiy gaz, elektr energiyasi taʼminoti va ichimlik suvi boʻyicha bir qator muammolar yechimini topdi. Jumladan, 2 ta transformator taʼmirlandi, 3 ta elektr yoritgich, 2 ta elektr hisoblagich oʻrnatildi, 400 metr SIP kabel tortildi va 7 ta tayanch ustun yangisiga almashtirildi. Qoraoʻzak va Toʻrtkoʻl tumanlarining chekka hududlariga ichimlik suvi yetkazib berildi. 1 kilometr suv quvuri tortilishi boshlandi.

2 (2).JPG

Xalq taʼlimi vazirligi rahbarlari tomonidan 5 ta umumtaʼlim maktabiga 75 dona kompyuter sinfi jihozlari yetkazib berildi. Oliy taʼlim muassasalarini tugatgan va ishsiz 32 fuqaro ishga qabul qilindi. Maktabgacha taʼlim tashkilotiga 10 nafar fuqaro ishga joylashtirildi. 3 ta maktabgacha taʼlim tashkilotiga jihozlar ajratib berildi va bittasida taʼmirlash ishlari boshlandi.

Qozogʻiston Respublikasidan 48 nafar talabaga Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti va Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutiga oʻqishini koʻchirish uchun buyruq chiqarildi. Tijorat banklari tomonidan 15 ta tadbirkorlik subyektiga 2,3 milliard soʻm kredit mablagʻlari ajratildi. Qarz va zararni undirishga oid 16 ta murojaat boʻyicha 67,4 million soʻm undirildi.

Bӯlib ӯtgan sayyor qabullar davomida fuqarolarni kundalik hayotida qiynab kelayotgan aksariyat muammolar ijobiy yechimini topdi. Bu ezgu ishlar aholining farovon hayotini taʼminlashga, bugungi kundan rozi bӯlib yashashlariga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.


7 601
Dovud ABIBULLAYEV, Maqsad HABIBULLAYEV (surat), OʻzA