Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

25.09.2017 17:34 Chop etish versiyasi

Sayyor qabul: aholi manfaatlari doimiy e’tiborda

Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi “Nayman” mahalla fuqarolar yig‘inida “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostida aholi bilan ochiq muloqot va sayyor qabul o‘tkazildi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi vakillari, xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashlari deputatlari, tuman hokimligi va qator mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan sayyor qabulda fuqarolardan ko‘plab taklif va murojaatlar tushdi.

Ular asosan kommunal soha, uy-joy, yoshlar masalasi, tadbirkorlik uchun kredit olish va ichki yo‘llarni ta’mirlash bilan bog‘liq murojaatlar bo‘lib, aksariyati joyida hal etildi, qolganlari yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.

– Mahallamiz hududida joylashgan 17-maktabgacha ta’lim muassasasi binosi 1970-yilda qurilgan bo‘lib, hozirgacha qayta rekonstruksiya qilinmagan, – deydi “Nayman” mahalla fuqarolar yig‘ini Iste’dod ko‘chasi 20-uyda yashovchi Abduvahob Eshonqulov. – Muassasada zamonaviy sharoitlar yaratish uchun ota-onalar ham imkon qadar harakat qilgan bo‘lsa-da, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik oldidan hali muammolar yetarli. Masalan, binolar yetishmasligidan hududdagi barcha bolani qabul qila olmaydi. Shuning uchun qo‘shimcha bino qurish va mavjudlarini qayta ta’mirlash zarur.

Mazkur muammoni ijobiy hal etish maqsadida deputatlar tomonidan yuqori tashkilotlarga deputatlik so‘rovi yuborildi.

Fuqaro Umrzoq Ergashev mahalla ko‘chalarida tungi yoritgichlar yo‘qligi aholi, ayniqsa, qariyalar va bolalarga noqulaylik tug‘dirayotgani yuzasidan qilgan murojaati ijobiy hal qilinadigan bo‘ldi.

– Bugungi sayyor qabulda deputatlar tomonidan aholining 10 ga yaqin murojaati ko‘rib chiqildi, – deydi partiya viloyat kengashi raisi M.Nazarov. – Mana shunday sayyor qabullar jarayonida murojaat qilayotgan ayrim fuqarolar o‘z haq-huquqini yaxshi bilmasligi ko‘rinib qolayotganini hisobga olib, muloqotlar davomida aholining huquqiy madaniyatini oshirishga ham e’tibor qaratilmoqda.

Joylarda davom etayotgan bu kabi sayyor qabullarda ko‘plab muammolar ijobiy hal etilmoqda. Davlat organlari rahbarlarining aholi bilan yuzma-yuz uchrashib, muloqot qilishi ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, hayotdan rozi bo‘lib yashashida muhim omil bo‘lmoqda.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
617






Все о погоде - Pogoda.uz