O‘zA O`zbek

05.04.2018 22:12 Chop etish versiyasi

Sayyohlar oqimi tobora ortib borayotgan bugungi kunda davlatimiz chegaralari qat’iy nazorat ostida

Sayyohlar oqimi tobora ortib borayotgan bugungi kunda davlatimiz chegaralari qat’iy nazorat ostida O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan davlatimiz chegaralari xududlari bo‘ylab press-tur tashkil etildi. Bundan ko‘zlangan maqsad, chegarachilarning xalqimiz xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi mashaqqatli xizmatini keng jamoatchilikka yetkazishdir.

Press-tur dasturidan O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi tarixi muzeyi bilan tanishish ham o‘rin oldi. Jurnalistlar, shuningdek, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportining chegara nazorati punktlari hamda Qozog‘iston bilan chegarada joylashgan “G‘ishtko‘prik” punkti va Termiz daryo portida bo‘ldi?.

2017-yilda 22 milliondan ortiq fuqaro chegara nazorati punktlaridan o‘tgan, ularning 7 millionga yaqini chet el fuqarolaridir. Ushbu punktlarda 920 mingdan ziyod transport vositasi, jumladan, 400 mingdan ortiq chet el transport vositalari tekshiruvdan o‘tkazilgan.

2.jpg

3.jpg

Joriy yilning birinchi choragida ham O‘zbekiston, ham chet el fuqarolarining mamlakatimizga kelib-ketishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ortgani kuzatilmoqda.

O‘tgan yili 32 milliard so‘mlik qiymatdagi moddiy boyliklar mamlakatimizga noqonuniy ravishda olib kirilishi va yurtimizdan olib chiqib ketilishining oldi olingan, 48,971 kilogramm giyohvand modda, 285 dona qurol-yarog‘, 1 million 880 ming AQSh dollari miqdoridagi valyuta ushlab qolingan.

Bugungi kunda yurtimizda 69 ta kirish va chiqish chegara nazorati punkti mavjud bo‘lib, ularning 49 tasi xalqaro, 14 tasi ikki tomonlama, 6 tasi soddalashtirilgan nazorat tartibiga ega chegara nazorati punktlaridir. Chegara nazorati punktlarining 38 tasi avtomobil yo‘llarida, 18 tasi temir yo‘llar, 12 tasi aeroportlar va bittasi daryo portida joylashgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 21-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratini tashkil etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Shaxslar, transport vositalari va tovarlarni O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom hamda 2018 – 2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarini texnik vositalar bilan jihozlashni takomillashtirish bo‘yicha tadbirlar rejasi tasdiqlangan.

Masalan, poytaxtimiz aeroporti har hafta, charter reyslarni hisobga olmaganda, 155 muntazam aviareyslarni qabul qiladi. Yo‘lovchilarning pasportini tekshiruvchi nazoratchilar ikki smenada ishlaydi, 50 ish o‘rni mavjud.

Ma’lumki, Prezidentimizning joriy yil 3-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, dunyoning 39 mamlakati bilan vizasiz tartib joriy etildi, turistik firmalar uchun katta soliq imtiyozlari yaratildi. Bu esa, mamlakatimiz yanada ko‘p sayyoh qabul qilishga tayyor ekanini bildiradi. Poytaxt aeroportiga tashrifimiz chog‘ida mazkur jarayonga puxta tayyorgarlik olib borilayotganiga ishonch hosil qildik.

Xususan, mahalliy yo‘nalishlarga xizmat qilgan sobiq aeroport binosida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda, ishlar yakunlangach, bu yerda aviayo‘lovchilar pasportini tekshirish bo‘yicha 24 ish o‘rni yaratiladi.

Biz Moskvadan kelgan yo‘lovchilardan birini suhbatga tortdik.

– Ilgari pasport nazoratidan o‘tish va yukimizni olish uchun ko‘p kutib qolar edik, – deydi shahrisabzlik Ulug‘bek Mahmudov. – Toshkent aeroporti binosida qo‘shimcha nazorat kabinalari tashkil etilganidan so‘ng ahvol ancha yaxshilandi. Xorijiy mehmonlarga ham bu manzur bo‘lmoqda.

Chegeradan o‘tishda avtomobil yo‘lidagi “G‘ishtko‘prik” chegara nazorat punktidan foydalanayotganlar ham sohadagi o‘zgarishlarni keng e’tirof etmoqda. Chimkentga uzatgan qizinikiga borib qaytayotgan samarkandlik Eshmamat Rahimov “G‘ishtko‘prik” chegara nazorat punkti bo‘lgan o‘zgarishlardan mamnunligini bildirdi.

4.jpg

5.jpg

– Chegaradan o‘tish jarayonlari sezilarli darajada soddalashgani uchun Prezidentimizdan minnatdorman, – deydi oqsoqol. – O‘zaro muloqot, madaniy aloqalar uchun shunday ajoyib imkoniyatlar yaratilayotganidan butun xalqimiz xursand.

Shundan so‘ng O‘zbekiston harbiy-havo kuchlari harbiy-transport samolyoti OAV vakillarini Termiz shahriga yetkazdi. Bu yerda biz Afg‘oniston bilan chegarani qo‘riqlash tartibi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldik. Jurnalistlarga xizmat itlari yordamida shartli chegarabuzarlarni ushlash, daryo chegarasini jangovar katerlar yordamida qo‘riqlash, chegarani qo‘riqlashda uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish, daryo portida chegaradan o‘tish tartibi namoyish etildi.

Safar yakunida O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari, Chegara qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Oybek Qosimov jurnalistlarga esdalik sovg‘alari topshirdi.

Ablay Kamolov, O‘zA
9 462