O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

Saylovoldi huquqiy-ma’rifiy tadbirlar davom etmoqda

Saylovoldi huquqiy-ma’rifiy tadbirlar davom etmoqda

Namangan davlat universitetida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudi tashabbusi bilan “Yoshlarning saylov huquqlari kafolatlari” mavzusida tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudi raisi A.Safoev talabalar bilan demokratik-huquqiy davlatchilik asoslari, uning mazmun-mohiyati haqida suhbatlashdi.

– Saylov butun dunyo siyosiy-huquqiy davlatchiligi tarixida demokratiya tamoyillariga poydevor bo‘lgan muhim siyosiy ehtiyojdir, – dedi A.Safoev. – Mustaqil davlat, suveren respublika, hamjamiyatning teng huquqli a’zosi sifatida bizning jamiyatimiz ham saylovlar borasida xalqaro huquqiy me’yorlarga mos ravishda rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi. Oldimizda turgan muhim siyosiy jarayon “Yangi O‘zbekiston, yangi saylovlar!” shiori ostida tashkil qilinmoqda. Bu O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi qabul qilinganligini, ushbu kodeks shu vaqtgacha amalda bo‘lgan saylov to‘g‘risidagi 26 qonun hujjati mazmun-mohiyatini o‘zida qamrab olgani bilan saylovlarda yangi bosqichga ko‘tarilganimizni ifodalab turibdi.

Tadbirda fuqarolarning saylov huquqi, o‘z xohish-irodasini erkin ifodalash, qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish va himoya qilish huquqini ta’minlash qonuniy mustahkamlab qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, tadbirda talabalarga saylov huquqlari, saylov komissiyalari tizimi, saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir tadbirlar, saylov prinsiplari, siyosiy partiyalar, nomzodlar ko‘rsatish, ovoz berish, xususan, saylovda yoshlar ishtiroki to‘g‘risida batafsil tushunchalar berildi.

Tadbirda faol qatnashgan yoshlarga kitoblar sovg‘a qilindi.

1 628
Akromjon SATTOROV, O‘zA