O‘zA O`zbek

11.09.2019 Chop etish versiyasi

Saylovni keng yoritish uchun xalqaro matbuot markazi tashkil etiladi

Saylovni keng yoritish uchun xalqaro matbuot markazi tashkil etiladi

Saylov jarayonida ommaviy axborot vositalarining erkin ishtirok etishi hamda uni yoritishi muhim ahamiyatga ega. Aynan ushbu omil saylovning shaffoflik asosida oʻtkazilishida muhim shartlardan sanaladi.

Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylovlarga tayyorgarlik koʻrish hamda uni ochiqlik va oshkoralik prinsiplariga rioya qilgan holda uyushqoqlik bilan oʻtkazishga qaratilgan tayyorgarlik ishlari jarayonida ommaviy axborot vositalari vakillari saylovlarga tayyorgarlikning borishi va saylov jarayonlarini yoritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga eʼtibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda Xalqaro matbuot markazi tashkil etilmoqda. Mazkur markaz Toshkent shahri Navoiy koʻchasi 16-uyda joylashadi.

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida maʼlum qilindi.

Majlis kun tartibidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovlarni yoritish boʻyicha Xalqaro matbuot markazining faoliyatini tashkil etish, MSKning normativ-huquqiy hujjatlarini tasdiqlash kabi masalalar oʻrin oldi.

Saylov kodeksi, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorini qabul qildi.

Majlisda okrug va uchastka saylov komissiyalari tarkibini shakllantirish boʻyicha yoʻriqnoma, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi caylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan imzolarni toʻplash tartibi, siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari hamda nomzodlarning ishonchli vakillari toʻgʻrisidagi nizomlar tasdiqlandi.

Shuningdek, “Saylov va referendumni tashkil etish hamda oʻtkazish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash toʻgʻrisida” qaror ham qabul qilindi.

Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari, MSK xodimlari, siyosiy partiyalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq barcha tadbirlar Markaziy saylov komissiyasi, tuziladigan saylov komissiyalari tomonidan ochiq va oshkora hamda Saylov kodeksiga toʻliq muvofiq holda amalga oshirilishi taʼkidlandi.

1 471
N.ABDURAIMOVA, OʻzA