O‘zA O`zbek

17.12.2019 Chop etish versiyasi

Saylovlarning ochiqligi va oshkoraligi jarayonida fuqarolar va nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni

Saylovlarning ochiqligi va oshkoraligi jarayonida fuqarolar va nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni

O‘zbekistonda muhim siyosiy jarayon – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovlar hal qiluvchi pallaga kirdi.

Bo‘lajak saylovlarda har bir ovoz e’tiborga olinadi va fuqarolar davlat hokimiyati vakillik organlarini shakllantirishda bevosita ishtirok etadi. Bu esa, o‘z navbatida, fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi konstitutsiyaviy huquqining hayotga tatbiq qilinishi, saylovlarning adolatli va xolisona o‘tishi kafolati bo‘ladi.

Bir so‘z bilan aytganda, saylovlar natijasidan, jarayonning yuksak demokratik tamoyillar va qonun ustuvorligi ta’minlangan holda o‘tishidan manfaatdor asosiy sub’ekt saylovchilardir. Shunday ekan, fuqarolar, ular tomonidan tashkil etilgan demokratik institutlarning saylov jarayoni, ushbu saylovlarning ochiq va oshkora tarzda o‘tkazilishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishi masalalari bugungi kunning dolzarb masalalari sirasiga kiradi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, bu galgi saylov jarayonida nafaqat siyosiy partiyalar, balki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ham bevosita, faol ishtirok etishlari, jamoatchilik nazorati huquqidan samarali foydalanishlarini ta’minlaydigan zarur me’yoriy- huquqiy asos yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 32-moddasida mamlakatimiz fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega ekani va bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek, davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yo‘li bilan amalga oshirishi belgilab qo‘yilgan.

Bugungi kunda ayni me’yorlarning saylov qonunchiligiga tegishli qismi O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi va “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunlarda rivojlantirildi. Xususan, Saylov kodeksining 8-moddasiga muvofiq, saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan hamda boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etish huquqiga egaligi tasdiqlangan.

Saylov kodeksi fuqarolik jamiyatining eng muhim instituti – mahallaning saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishdagi rolini sezilarli darajada kuchaytirganini alohida ta’kidlash zarur.

Birinchidan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kuzatuvchilari saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni va ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish huquqiga egadirlar.

Ikkinchidan, Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalarining a’zolari fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining tavsiyasiga binoan tasdiqlanadi.

Uchinchidan, uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taklif etilib, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari majlisida muhokama qilinadi va tegishli okrug saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlashga tavsiya etiladi.

Ya’ni, mahalla instituti bir paytning o‘zida saylovni tashkil etuvchi (uchastka saylov komissiyasi, okrug saylov komissiyasini tuzish) va kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin. Ushbu me’yor fuqarolarning ushbu institut orqali saylov jarayoni ustidan bevosita nazorat o‘rnatish huquqini ro‘yobga chiqarishda muhim omildir.

Ilgari mahalladan kuzatuvchilar faqat xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovlaridagina ishtirok etishi nazarda tutilgan edi. Endi mahalla kuzatuvchilari barcha saylovlarda qatnashishi mumkin.

Shuningdek, avval uchastka saylov komissiyasi a’zosi jamoatchilikning obro‘li vakillari orasidan tayinlanadi, deb belgilab qo‘yish bilan cheklanilgan bo‘lsa, endilikda Saylov kodeksning 23-moddasiga asosan, uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taklif etilishi nazarda tutildi. 

Saylov kodeksning 14-moddasiga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi jamoat birlashmalari vakillarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha hisobotlarini tinglaydi, 15-moddaga binoan, ularning Markaziy saylov komissiyasi yig‘ilishlarida ishtirok etishi ta’minlanadi.

Kodeksning 39-moddasiga asosan, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganini tekshiruvchi Ekspert guruhi tarkibiga fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ham jalb etiladi.

Boshqacha aytganda, O‘zbekiston qonunchiligida fuqarolar va jamoat birlashmalarining saylovlarni kuzatish huquqi to‘la ta’minlangan.

Shundan kelib chiqib, Markaziy saylov komissiyasi mamlakatimizning yetakchi fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygani saylovlarning avvalo qonunchiligimiz, qolaversa, eng yuqori demokratik talablar va tamoyillarga to‘la javob beradigan tarzda ochiq va oshkora o‘tkazilishiga xizmat qiladi, deyishga to‘la asos bor. Xususan, bugungi kunda Markaziy saylov komissiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rtasida xotin-qizlarning saylovda qatnashish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishni ta’minlashga qaratilgan hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangan.

Joriy yilning 5 oktabr kuni Markaziy saylov komissiyasining 951-sonli qarori bilan “Siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar to‘g‘risidagi Nizomi” tasdiqlandi. Ushbu Nizom siyosiy partiyalar, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari kuzatuvchilarining huquqiy maqomini, huquq va majburiyatlarini hamda ularning hujjatlarini rasmiylashtirish tartibini belgilaydi.

Yuqoridagilarni hisobga olgan holda Markaziy saylov komissiyasi va Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi o‘rtasida saylov jarayonlarini yanada demokratlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum tayyorlandi. Unga asosan tomonlar:

– fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarining huquqiy madaniyati va saylov tashkilotchilarining kasbiy malakasi darajasini yuksaltirish bo‘yicha hamkorlikda tadbirlar tashkil etadi;

– saylov qonunchiligini yanada liberallashtirish mohiyatini ochib berishga qaratilgan tadbirlar, seminarlar, konferensiyalar, treninglar, davra suhbatlari o‘tkazadi, loyihalarni amalga oshiradi, tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi;

– ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan keng foydalanadi, birgalikda tadbir va loyihalar o‘tkazishda ochiqlik va oshkoralik tamoyiliga rioya qiladi.

Saylov kodeksi va boshqa tegishli hujjatlar saylovlarning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashda har bir fuqaro va tashkilotning rolini oshirishga xizmat qilishini alohida qayd etish zarur.

Muxtasar aytganda, O‘zbekiston qonunchiligida fuqarolar va jamoat birlashmalarining saylovlarni kuzatish huquqi to‘liq kafolatlandi. Mamlakatimizning har bir fuqarosi, shuningdek, har bir tashkilot saylovning ochiq, oshkora, shaffof o‘tishini ta’minlashiga muayyan hissa qo‘shishi uchun huquqiy asos yaratildi. Fuqarolar ushbu imkoniyatlardan to‘liq foydalanib, yangi parlament va mahalliy Kengashlarni shakllantirishda faol qatnashishlariga ishonchimiz komil.

3 995
Ma’rufjon USMONOV, Nasimjon ALIMOV. O‘zA