O‘zA O`zbek

13.11.2019 Chop etish versiyasi

Saylov uchun o‘qituvchilar maoshidan ushlab qolinayotgani rostmi?

Saylov uchun o‘qituvchilar maoshidan ushlab qolinayotgani rostmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahridagi maktablarda saylov uchun o‘qituvchilar maoshidan ushlab qolinayotgani to‘g‘risidagi xabarlar tarqaldi.

Jumladan, xabarlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylov jarayonida stollarni bezatish va gilam solish uchun maktab ma’muriyati tomonidan o‘qituvchilar maoshidan 50 ming so‘mdan olib qolinayotgani ma’lum qilingan.

Viloyat hokimligi axborot xizmati tomonidan mazkur xabarlar yolg‘on ekani to‘g‘risida ma’lumot e’lon qilindi.

Jumladan, “Ushbu fikrlarni rad etgan holda Yangiyo‘l shahar xalq ta’limi bo‘limi saylov uchastkalari o‘quv jarayoniga xalal bermay tashkil etilayotganligi, xonalar jihozlanishida hech qanday mablag‘ sarflanmaganligi va maktab ma’muriyati tomonidan pul mablag‘i yig‘ilmaganligini ma’lum qiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Saylov Kodeksining “Saylovning moliyalashtirish” haqidagi 17-bob 98-, 99-, 100-moddalarida saylov jarayonini moliyalashtirish haqida aniq ma’lumot berilgan. Ya’ni saylovga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat Budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.

Tashkil etilayotgan saylov xonalarining jihozlanishi, kerakli hujjatlar bilan ta’minlanishi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengash deputatlari saylovini tashkil etuvchi hamda uni o‘tkazuvchi shahar komissiyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda blogerlar o‘z fikrlarini aniq ma’lumotlar asosida izohlamagan. Ayrim blogerlar Yangiyo‘l shahri haqida fikr bildiryaptimi yoki Yangiyo‘l tumani haqidami, aniqlab bo‘lmaydi.

Maqolaning boshida Yangiyo‘l shahri maktablari haqida ma’lumot berib, maqola o‘rtasiga kelganda “tuman hokimligi maktablar direktorlariga noyabr boshida saylov uchun pul o‘tkazib berish to‘g‘risida “og‘zaki topshiriq“ bergan”, degan mujmal dalillarni keltirmoqda. Shulardan ko‘rinib turibdiki, ma’lumot noto‘g‘ri.

Saylovga tayyorgarlik jarayoni Markaziy saylov komissiyalari va ularning hududdagi komissiyalari tomonidan tashkil etilmoqda. Yangiyo‘l shahar Xalq ta’limi bo‘limi yuqorida keltirilgan xabarni mutlaq noto‘g‘ri ekanligini ta’kidlaydi hamda o‘qituvchilardan 50 ming so‘mdan mablag‘ yig‘ilgan, degan asossiz xabarni rad etadi”, deyiladi viloyat hokimligi axborot xizmati tomonidan e’lon qilingan xabarda.

568
Avazbek XUDOYQULOV, O‘zA