O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

Saylov qonunchiligi targʻiboti davom etmoqda

Saylov qonunchiligi targʻiboti davom etmoqda

Toshkent viloyati Nurafshon shahrida “Saylov qonunchiligi targʻiboti oyligi“ doirasida Saylov kodeksi mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik, jumladan saylovchilarga tushuntirishga qaratilgan seminar oʻtkazildi.

Viloyat adliya boshqarmasida boʻlib oʻtgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi 94-Nurafshon okrugi hududidagi aholi vakillari, okrug aʼzolari, jamoat tuzilmalari vakillari, ommaviy axborot vositasi xodimlari ishtirok etdi.

Joriy yilning 22-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatligiga boʻlib oʻtadigan saylovlar tobora yaqinlashmoqda. “Yangi Oʻzbekiston — yangi saylovlar!” umumshiori ostida oʻtadigan muhim siyosiy kampaniyaga tayyorgarlik ayni avjida. Bu jarayonda aholining huquqiy madaniyati, xususan, saylov qonunchiligidan xabardorligini oshirish muhim ahamiyatga ega. Shu bois, Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarori bilan mamlakatimiz boʻylab 20-oktyabrdan 20-noyabrga qadar “Saylov qonunchiligi targʻiboti oyligi” oʻtkazilmoqda.

Mazkur oylik doirasida Toshkent viloyatining barcha hududlari, mehnat jamoalarida Saylov kodeksi mazmun-mohiyatini keng ommaga tushuntirish, saylovlarning mamlakatimiz siyosati, xalqimiz hayotidagi ahamiyatini targʻib etishga doir koʻplab uchrashuv va muloqotlar, davra suhbatlari, amaliy mashgʻulotlar oʻtkazilmoqda.

Ana shunday tajribalarning navbatdagisi Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Qayd etilganidek, ayni paytda viloyatda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi 13 ta, xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashiga saylov oʻtkazuvchi 60 ta, tuman va shahar kengashlariga saylov oʻtkazuvchi 626 ta okrug saylov komissiyalari tuzildi. Shuningdek, 950 ta saylov uchastkasi mavjud. Saylovlarda ovoz beruvchilar soni 1 mln 830 ming 676 nafarni tashkil etmoqda.

Anjumanda Markaziy saylov komissiyasi kotibi X.Mamatov va boshqalar tomonidan xalqimizning siyosiy ongi va madaniyati jamiyatda kechayotgan yangilanish va oʻzgarishlarga monand oʻsib borayotgani, jamiyatda ochiqlik taʼminlanayotgani, boʻlajak saylovlar yangi qabul qilingan Saylov kodeksi asosida oʻtishi ayni jarayonga hamda yuksak demokratik tamoyillarga toʻla muvofiq ekani taʼkidlandi.

Okrug komissiyalari aʼzolariga saylovlarni yuqori darajada tashkil etish, bu borada kodeksda nazarda tutilgan tamoyillarga ogʻishmay amal qilish borasidagi zarur tavsiyalar berildi.

1 695
Avazbek Xudoyqulov, OʻzA