O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

Saylov: OAV bilan hamkorlik muhim omil

Saylov: OAV bilan hamkorlik muhim omil
Saylov – 2019

Nima uchun odamlarning siyosiy partiyalarga ishonchi baland emas? Siyosiy partiyalardan saylangan deputatlar partiya va odamlar ishonchini qay darajada oqlamoqda?

Andijonda Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi tomonidan “Saylov jarayonlarida partiya faoliyatini yoritishning yangicha usullari” mavzusida bosma va elektron ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida yuqoridagi kabi qator savollar doirasida munosabatlar bildirildi. Shuningdek, tadbirda jurnalistlarga partiyaning OAV bilan hamkorligi, umuman, saylovga tayyorgarlik ishlari, partiya saylovoldi dasturi, uning muhim yoʻnalish va jihatlari haqida keng maʼlumot berildi.

– Joriy yilda “Yangi Oʻzbekiston. Yangi saylovlar” shiori ostida oʻtkaziladigan saylovlar avvalgi saylovlardan tubdan farq qiladi, –deydi Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi Homidjon Omonov. – Chunki keyingi yillarda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi demokratik oʻzgarishlar nafaqat partiyalar, balki fuqarolarning ham saylovlarga boʻlgan munosabatini oʻzgartirib yubordi. Shu maʼnoda partiya viloyat kengashi saylov jarayonidagi targʻibot-tashviqot tadbirlarini samarali tashkil etish, deputatlikka nomzodlarning saylovoldi dasturlarini ommaviy axborot vositalari orqali yoritish boʻyicha qator takliflar ishlab chiqdi. Maqsadimiz, ana shu takliflar asosida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni kuchaytirish, targʻibot ishlarini samarali yoʻlga qoʻyishdan iborat.

Anjumanda bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish, partiya saylovoldi dasturini targʻib etish, saylovlarda fuqarolarning ongli va faol ishtirokini taʼminlash, partiya va OAV hamkorligini kuchaytirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.

Ochiq muloqot tarzida oʻtgan anjumanda bildirilgan takliflar partiya viloyat kengashining media rejasini ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

241
F.UBAYDULLAYEV, OʻzA