O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

Saylov kodeksidagi yangiliklardan xabardormisiz?

Saylov kodeksidagi yangiliklardan xabardormisiz?

Bu yilgi saylovlarning o‘ziga xos jihati nimada? Saylov kodeksi qabul qilinishining sabablari va saylovga oid qonunchilikdagi yangiliklardan xabardorlik darajasi qanday?

Farg‘onada xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi viloyat saylov komissiyasi a’zolari ishtirokida bo‘lib o‘tgan “Saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishning tashkiliy-huquqiy masalalari“ mavzusidagi seminar-treningda ana shu masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Ayni kunlarda mamlakatimizda 2019 yil 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovlarga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Oldingi saylovlardan tubdan farq qiladigan ushbu muhim jarayon – “Yangi O‘zbekiston: Yangi saylovlar“ shiori ostida o‘tkaziladi.

Eng ilg‘or xalqaro standartlar asosida, qisqa fursat ichida mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor Saylov kodeksi loyihasi ishlab chiqildi va qabul qilindi. Mazkur Kodeks O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Senati a’zolari, viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi hamda fuqarolarning xohish-irodasi erkin bildirilishini ta’minlovchi kafolatlarni belgilaydi.

– Yangi Saylov kodeksi ikki qism, 18 bob, 103 moddadan iborat bo‘lib, ilgari saylov qonunchiligimizda mavjud bo‘lmagan mutlaqo yangi tartib va qoidalar bilan yanada takomillashtirildi, – deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘qituvchisi, dotsent Muborakxon G‘anieva. – Xususan, Qonunchilik palatasidagi Ekoharakat vakillari uchun kvota ajratish instituti bekor qilindi. Saylovchilar yagona elektron ro‘yxatini yuritish tartibi qonunan tartibga solinadi. Uchastka saylov komissiyasi a’zolarining yarmidan ko‘pi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yildi. Biz joylarda tashkil etilayotgan seminarlarda saylov qonunchiligidagi ana shu kabi o‘zgarishlar va yangiliklarni, saylovning mazmun-mohiyatini interfaol usullarda tushuntirishga harakat qilyapmiz.

Kuzatuvchilarning huquq va majburiyatlari, saylovchilarning yagona elektron bazasi dasturining ishlash tartibi, saylovchilar bilan muloqot madaniyati va boshqa ko‘plab mavzular borasida fikr-mulohazalar almashildi. Seminar-trening davomida saylov komissiyasining asosiy vazifalari, milliy saylov qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati tushuntirildi.

518
M.SULAYMONOV, M.QODIROV (surat), O‘zA