O‘zA O`zbek

05.07.2019 18:27 Chop etish versiyasi

Saylov kodeksi, uning oʻziga xos jihatlari nimada?

Saylov kodeksi, uning oʻziga xos jihatlari nimada?
Munosabat

Maʼlumki, saylovlar kishilik jamiyatining bir necha asrlik tarixiy rivojlanishi mahsuli boʻlib, davlat va jamiyatning takomillashgan modellarini shakllantirish maqsadida paydo boʻlgan institutdir. Bugungi kunga kelib, jahondagi deyarli barcha mamlakatlarda (mutlaq monarxiya boshqaruviga ega boʻlgan mamlakatlar bundan istisno) davlat hokimiyati va oʻzini oʻzi boshqarish organlarini shakllantirish bilan bogʻliq boʻlgan demokratik saylovlar siyosiy tizimning ajralmas tarkibiy qismiga aylanib boʻldi.

Zamonaviy dunyoda saylovlar tobora ommaviylashib, dunyo mamlakatlarida ularning soni yildan-yilga oshib borayotgani kuzatiladi. Birgina 2018-yilda 40 dan ortiq mamlakatda 60 ga yaqin saylov kampaniyasi oʻtkazilgani fikrimizning dalilidir.

Bugungi kunga kelib saylovlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qoʻyilgan normalardan tashqari yana 10 ga yaqin yaxlit qonun hujjati qabul qilindi. Shunisi diqqatga sazovorki, saylov qonunchiligini takomillashtirish saylov amaliyotidan kelib chiqqan holda amalga oshirildi va, oʻz navbatida, saylov qonunchiligi ham saylov amaliyotining rivojlanishiga katta turtki berdi.

Mamlakatimiz rahbari 2017-yil 22-dekabrda Oliy Majlisga yoʻllagan ilk Murojaatnomasida Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksini ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusini ilgari surdi. Tahlillar shuni koʻrsatdiki, hozirgi vaqtda 40 dan ortiq davlatda Saylov kodeksi qabul qilingan. Bundan tashqari, saylovlarga doir oʻndan ortiq xalqaro hujjatlar atroflicha tahlil qilinib, ularning asosiy gʻoya va standartlari Saylov kodeksida oʻz aksini topdi.

Xoʻsh, Prezidentimiz tomonidan imzolangan Saylov kodeksiga kiritilgan huquqiy norma va yangiliklar nimalarda namoyon boʻladi?

Birinchidan, mazkur hujjatda shu paytga qadar amalda boʻlgan 5 ta qonun, yaʼni “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi toʻgʻrisida”gi, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunlar hamda qator qonunosti hujjatlari oʻzaro unifikatsiya qilinib, yaxlit tarzda bayon etildi. Bu esa, oʻz navbatida, Saylov kodeksi kuchga kirganidan soʻng yuqorida sanab oʻtilgan qonun hujjatlari oʻz kuchini yoʻqotishini anglatadi.

Ikkinchidan, Saylov kodeksi saylov jarayoniga qator yangi mexanizm va texnologiyalarni qoʻllash imkonini beruvchi yangi normalar bilan toʻldirildi. Xususan, Qonunchilik palatasida deputatlik oʻrinlari uchun Oʻzbekiston Ekologik harakati vakillariga kvota ajratish instituti chiqarib tashlandi. Bundan buyon Qonunchilik palatasining barcha 150 nafar deputatining umumxalq saylovlarida saylanishi mustahkamlab qoʻyildi.

Bundan tashqari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga nomzod koʻrsatish tartibi bekor qilindi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron roʻyxatini shakllantirish masalasi ham Kodeksda oʻz aksini topdi. Muddatidan ilgari ovoz berish va saylov kuni ovoz berish uchun yagona saylov byulletenini joriy etish orqali “saylov varaqasi” tushunchasi chiqarib tashlanib, ovoz berish jarayonida saylovchilar bir nechta belgilardan (+, v, x) biridan foydalanishlari mumkinligi belgilab qoʻyildi.

Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari maqom boʻyicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolariga tengligi haqidagi norma kiritildi.

Bundan tashqari, Kodeksda quyi darajadagi saylov komissiyasi aʼzolari uchun ham yangi talablar oʻrnatildi. Ushbu talablarga muvofiq, nomzodlarning yaqin qarindoshlari va ishonchli vakillari, shuningdek, nomzodlarga bevosita boʻysunuvchi shaxslar saylov komissiyasining aʼzolari boʻlishi mumkin emas.

Hujjatda qator xalqaro tashkilotlar, xususan, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi hamda Venetsiya komissiyasi tomonidan bildirilgan taklif, tavsiyalar ham oʻz aksini topdi. Jumladan, ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning saylovda ishtirok etishini cheklovchi normalar chiqarib tashlandi. Saylov okruglarini tuzishda saylov okruglaridagi saylovchilar sonining yoʻl qoʻyiladigan maksimal chetga chiqishi 10 foizdan oshmasligi shart qilib qoʻyildi. Qonunchilik palatasiga saylovlar boʻyicha saylov okruglarini tuzishda Markaziy saylov komissiyasi viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining emas, balki xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlarining taqdimnomalariga asoslanishi koʻzda tutilib, saylovchilar roʻyxatiga oʻzgartishlar kiritish saylovga 3 kun qolganida toʻxtatilishi, muddatidan oldin ovoz berish saylovga 3 kun qolganida (amaldagi 1 kun oʻrniga) toʻxtatilishi belgilandi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston “Adolat” SDP aʼzolari ham mazkur Kodeks loyihasini tayyorlashdan tortib va Qonunchilik palatasida qabul qilish jarayonlarida faol ishtirok etdi. Partiyamiz vakillari Kodeks loyihasiga kiritish uchun oʻzlarining 20 dan ortiq taklifini kiritdi. Shunisi diqqatga sazovorki, ana shu takliflardan eng muhimlari ushbu hujjatda oʻz aksini topdi. Masalan, nomzodlar ishonchli vakillarining safar xarajatlari saylovga ajratilgan mablagʻlar doirasida qoplanishi, Senat aʼzolarini saylash masalasini qonunosti hujjatlar asosida emas, balki Kodeks doirasida hal qilish va shu kabi takliflardir.

Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Saylov kodeksi oshkoralik, shaffoflik, haqqoniylik, xolislik kabi demokratik prinsiplarni oʻzida aks ettirib, dolzarb mazmun-mohiyat va ulkan huquqiy, ijtimoiy hamda siyosiy ahamiyat kasb etadi. Ushbu Kodeksning qabul qilinishi, avvalo, fuqarolarning saylov huquqlarini himoya qilishning qoʻshimcha amaliy mexanizmlarini, saylov qonunchiligini tizimlashtirish, saylov jarayoni ochiqligining kafolatlarini kuchaytirish imkonini beradi.

Eng muhimi, Saylov kodeksining hayotga tatbiq etilishi kelgusida mamlakatimizda saylov jarayonlari yanada demokratik tarzda va oshkoralik ruhida oʻtishini taʼminlaydigan yangi, ilgʻor amaliyotni joriy etishni huquqiy jihatdan kafolatlaydi. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatimiz siyosiy tizimini yanada demokratlashtirish va siyosiy modernizatsiya jarayonini chuqurlashtirishning muhim omili hisoblanadi.

Qodir JOʻRAYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi 
Oʻzbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi.

OʻzA