O‘zA O`zbek

20.08.2018 17:42 Chop etish versiyasi

Saylov kodeksi loyihasi muhokamada

Saylov kodeksi loyihasi muhokamada Toshkent viloyati Olmaliq shahrida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi bilan hamkorlikda tashkil etilgan muloqotda Markaziy, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari, siyosiy partiyalarning viloyat kengashlari mas’ullari, adliya, ichki ishlar, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash boshqarmalari, jamoat tashkilotlari vakillari, huquqshunos olimlar, saylov huquqi bo‘yicha ekspertlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Prezidentimizning 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksini ishlab chiqish va qabul qilish vazifasi belgilangan edi. Shunga muvofiq, deputatlar, senatorlar, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, Adliya vazirligi, siyosiy partiyalar, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, ekspertlar,olimlar ishtirokida Saylov kodeksi loyihasi ishlab chiqildi.

Kodeks loyihasini tayyorlash jarayonida saylov qonunchiligi inventarizatsiya qilinib, 20 ga yaqin xorijiy davlatning saylov qonunchiligi tajribasi o‘rganilgan.

Taklif etilayotgan Saylov kodeksi loyihasi 2 qism, 18 bob, 100 moddadan iborat bo‘lib, unda saylovchilarning ovoz berishini nazorat qilishga yo‘l qo‘ymaslik, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish saylov komissiyalari tomonidan ochiq va oshkora amalga oshirilishiga e’tibor qaratilgan.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov so‘zga chiqdi.

Avaz Xudoyqulov, O‘zA
2 084