O‘zA O`zbek

09.08.2018 17:47 Chop etish versiyasi

Saylov kodeksi loyihasi keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilmoqda

Saylov kodeksi loyihasi keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilmoqda
Toshkent viloyati Zangiota tumanida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi markaziy apparati va Toshkent viloyati kengashi hamkorligida tashkil etilgan muloqotda deputatlar, tuman saylov komissiyasi a’zolari, partiya ekspertlari va faollari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasidagi “Har bir qonun loyihasining birdan-bir manbai xalq bo‘lishi lozim“ degan tamoyildan kelib chiqib, partiya tomonidan “Fraksiya – markaz – viloyat – tuman“ tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu qonun loyihalarining viloyat, tuman va shahar kesimida saylovchilar, partiya elektorati, turli tabaqa va guruhlar manfaati nuqtai nazaridan muhokama qilinishi, fraksiyalar ushbu masalalarda prinsipial pozitsiyasini namoyon etishi shartligi, bahs, tortishuv bo‘lgan taqdirdagina qonunlar mukammal hayotiy kuchga ega bo‘lishini ta’minlaydi.

Ayni paytda partiya tashkilotlari va deputatlik korpusi tomonidan mamlakatimizdagi saylovchilikka oid barcha huquqiy norma va hujjatlarni o‘zida jamlagan yagona Saylov kodeksi loyihasi keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilmoqda.

Ma’lumki, mamlakatimizda saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida, yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Tizim tartibli yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, ba’zan turli norozilik va ishonchsizlik holatlari kuzatilgani ham bor gap. Shu bois taklif etilayotgan Saylov kodeksi loyihasida saylovchilarning ovoz berishini nazorat qilishga yo‘l qo‘ymaslik, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish saylov komissiyalari tomonidan ochiq va oshkora amalga oshirilishiga e’tibor qaratilgan.

Davra suhbati davomida Saylov kodeksini yanada takomillashtirish uchun saylovchilar xohish va istaklarini o‘rganish, mazkur kodeksni keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish yuzasidan partiyaning Toshkent viloyati kengashi oldida turgan vazifalarga oid tadbirlar dasturi qabul qilindi.

A.Xudoyqulov, O‘zA
2 348