O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

Saylov jarayonini yorituvchi jurnalistlar akrreditatsiyadan o‘tkazilmoqda

Saylov jarayonini yorituvchi jurnalistlar akrreditatsiyadan o‘tkazilmoqda

Saylovni yoritish bo‘yicha mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositlariga bir xil imkoniyat beriladi. 

Saylovning ochiq-oshkora, shaffof tarzda o‘tkazilishining muhim shartlaridan biri – saylov bilan bog‘liq barcha jarayonlarni jurnalistlarning kuzatib borishi va ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borishidir.

Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Sherzod Qudratxo‘jaevning ma’lum qilishicha, saylov kampaniyasi davrida respublika miqyosidagi ommaviy axborot vositalari vakillari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan, viloyatdagi ommaviy axborot vositalari vakillari – viloyat saylov komissiyasi tomonidan, tuman ommaviy axborot vositalari vakillari tuman saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilmoqda. Hozirgacha markaziy ommaviy axborot vositalarida faoliyat olib borayotgan 33 nafar jurnalist akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazi xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotir.

Tashqi ishlar vazirligidan akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy ommaviy axborot vositlari vakillari Markaziy saylov komissiyasidan ro‘yxatdan o‘tish uchun tegishli ommaviy axborot vositasi muxbirlik punkti Markaziy saylov komissiyasiga murojaat qilmoqda. Bu murojaat ham 5 kun ichida ko‘rib chiqilib, shundan so‘ng xorijiy ommaviy axborot vositalari vakiliga akkreditatsiyadan o‘tganlik haqidagi guvohnoma birilayapdi.

Saylovni yoritish bo‘yicha mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositlariga bir xil imkoniyat beriladi.

Akkreditatsiyadan o‘tgan ommaviy axborot vositalari qator huquq va majburiyatlarga ega. Jurnalistlar, muxbirlar saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlarida saylov komissiyalari majlislarida qatnashadi. Saylov komissiyalarining qarorlarini ommaviy axborot vositalarida yoritadi. Saylov kuni ovoz berish jarayonida, shu jumladan, ovozlarni sanab chiqish vaqtida qatnashadi. Xullas, saylov kampaniyasining barcha tadbirlarida ishtirok etish va tadbirlar haqida ommaga xabar berish vakolatlariga ega bo‘ladi.

– Ommaviy axborot vositasi vakili va qolaversa, barcha uchun faqat bitta cheklov bor – bu ovoz berayotgan saylovchiga xalaqit bermaslik, xolos, - deydi Sh.Qudratxo‘jaev. - Markaziy saylov kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda saylovlarni yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tishi uchun barcha qonuniy, tashkiliy chora-tadbirlar ko‘rilgan. Bu boradagi har qanday qonun buzilishi haqidagi murojaat qabul qilinadi, unga nisbatan munosabat bildiriladi. Shuni ta’kidlab o‘tmoqchimanki, jurnalistlar saylov jarayonida faol bo‘lishi kerak va akkreditatsiyadan o‘tish uchun hujjatlarini tezroq elektron shaklda Markaziy saylov komissiyasiga yetkazsalar. Markaziy saylov komissiyasining a’zosi sifatida axborot olishda hamisha ko‘makchi ekanligimizni yana bir bora eslatib o‘tmoqchimiz.

Markaziy saylov komissiyasi Xalqaro matbuot markazi tunu-kun ishlab turibdi. Koll-sentr faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Markaziy saylov komissiyasi Xalqaro matbuot markazi saylov kalendariga mos ravishda eng muhim voqealarni qamrab olgan mediareja loyihasini taqdim qilgan va shu asosda har kuni Xalqaro matbuot markazida saylov jarayonlarini yoritishga va saylov haqida informatsiya berishga mo‘ljallangan tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.

Bu yilgi saylov jarayonini ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun formatlar soni ko‘paygan, ya’ni seminar, press-konferensiya, press brifing, vebinar, press-kofe, press-lanchlar tashkil etiladi. Ayni paytda Xalqaro press klub sessiyalari Xalqaro matbuot markazi binosida bo‘lib o‘tayotir.

586
Norgul Abduraimova, O‘zA