O‘zA O`zbek

15.02.2019 Chop etish versiyasi

Saylov jarayoni keng yoritiladi

Saylov jarayoni keng yoritiladi

Mamlakatimizda mahalla fuqarolar yigʻini raislari saylovi joriy yil may oyida oʻtkaziladi. Bu Buxoro viloyatida faoliyat koʻrsatayotgan 540 fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi, qolaversa, masʼul vazifaga munosiblarni tanlaydigan muhim voqea sanaladi.

Mazkur tadbirga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish esa dolzarb masala hisoblanadi. Buxoro viloyati Yoshlar markazida Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha viloyat kengashi tomonidan ommaviy axborot vositalari uchun tashkil etilgan oʻquv-seminarda shu haqda soʻz bordi.

Tadbirda viloyatda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Seminarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati M.Toʻxtayeva, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha viloyat kengashi boshqaruvi raisi A.Gʻulomov “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni va boshqa hujjatlar mazmun-mohiyati, mazkur huquqiy hujjatlarga kiritilgan oʻzgartishlar haqida gapirdi.

Taʼkidlanganidek, mahalla fuqarolar yigʻini fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarishning chinakam xalqona instituti sifatida jamiyatdan mustahkam oʻrin oldi. Mazkur yigʻin raisi saylovining takomillashtirilishi esa, bu tuzilma faoliyatini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Tadbirda yangi tartibga koʻra, MFY raisi saylanish muddati avvalgi ikki yarim yil oʻrniga, uch yil etib belgilangani unga oʻz bilimi va boshqaruv qobiliyatini toʻla namoyish etish imkonini yaratishi, saylovlarda hududdagi saylovchilarning kamida 12 foizi qatnashishi normasi oʻrnatilgani haqida batafsil maʼlumot berildi.

Shuningdek, ishtirokchilar saylovni oʻtkazish tartibi, muhim jarayonga masʼul koʻmaklashuvchi hududiy komissiyalar va ishchi guruhlarning vazifa va vakolatlari, boshqa masalalar boʻyicha yetarli bilim va tushunchalarga ega boʻldi.

– Mahalla fuqarolar yigʻini raisi saylovini tashkil etish va oʻtkazish muhim demokratik jarayon boʻlib, uni yoritish biz, ommaviy axborot vositalar xodimlari zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi, – deydi Buxoro tumani “Galaosiyo ovozi” gazetasi muharriri Baxshulla Rajabov. – Bugungi seminarda berilgan tavsiyalardan kelib chiqib, tahririyatimizda, avvalo, sohaga oid yangi saylov qonunchiligi mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, saylovga tayyorgarlikning borishidan to uning yakuniga qadar barcha jarayonni xolisona yoritish yuzasidan ijodiy rejalar ishlab chiqiladi. 

Tadbirda Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha viloyat kengashi boshqaruvi mahalla fuqarolar yigʻini raisi saylovining barcha bosqichlarida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilishi taʼkidlandi.

1 190
Erkin YODGOROV, OʻzA muxbiri