O‘zA O`zbek

20.05.2020 Chop etish versiyasi

Saxovatpesha birodar tojik xalqining insonparvarlik yordami

Saxovatpesha birodar tojik xalqining insonparvarlik yordami

Sirdaryo viloyatiga joʻnatilgan bu galgi insonparvarlik yordami qoʻshni, birodar Tojikiston davlati va uning saxovatpesha tojik xalqi tomonidan amalga oshirildi.

“Sardoba” suv omborining qisman oʻpirilishi oqibatida yuzaga kelgan suv toshqinidan zarar koʻrgan fuqarolarga insonparvarlik yordami ortilgan poyezd esheloni Tojikiston Respublikasidan Sirdaryo viloyatining Guliston shahriga yetib keldi.

photo_2020-05-20_18-53-16.jpg

photo_2020-05-20_18-53-10.jpg

Ushbu saxovat koʻmagi Tojikiston Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Imomiy Sodiq Ashurboyzoda, Tojikiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar va fuqarolar mudofaasi Davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari general-leytenant Rustam Shoxiyon, Soʻgʻd viloyati raisi oʻrinbosari Anvar Yaʼkubiy va boshqa rasmiy delegatsiya vakillari kuzatuvi ostida olib kelindi.

“Saxovat koʻmagi”ni olib kelgan Tojikiston delegatsiyasi aʼzolarini Guliston shahar temiryoʻl vokzalida Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofirjon Mirzayev boshchiligida viloyat prokurori R.Masharipov, viloyat bojxona boshqarmasi boshligʻi Sh.Xayrullayev, Guliston shahar hokimi T.Dadabayev va boshqalar kutib oldilar.

photo_2020-05-20_18-53-00.jpg

photo_2020-05-20_18-53-05.jpg

Birodar tojik xalqining ushbu insonparvarlik yordami tarkibida 3 ming tonna (45 vagon) sement, 61 tonnayu 220 kilo (1 vagon) mix, 67 tonna (1 vagon) turli ranglardagi boʻyoqlar, 10 ming dona (4 vagon) shifer kabi qurilish materiallari Guliston temir yoʻl vokzalining qurilish omboriga tushirildi.

Ushbu qurilish mahsulotlari tez kunda suv toshqindan zarar koʻrgan hududlarga zarurat darajasiga qarab joʻnatiladi.


4 308
A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), OʻzA