O‘zA O`zbek

26.09.2020 Chop etish versiyasi

Saxovatli xalqning – mehnati halol

Saxovatli xalqning – mehnati halol

Bugun yurtimizning barcha goʻshalarida xalqimiz rizq-roʻzi, milliy boyligi boʻlgan paxta hosilini yigʻib olish ishlari jadallik bilan davom etmoqda. Yer maydonlarida oppoq qordek tovlanib turgan paxtalarning tezda yigʻishtirib olish jarayonlarida, bevosita, xalqimizning beminnat mehnatlari tahsinga loyiq. Shu bois ham yurtboshimiz tomonidan paxta-yigʻim terimida fuqarolarimizning norozilik kayfiyatda boʻlmasligi, ularga barcha sharoitlar toʻla-toʻkis yaratilib berilishi toʻgʻrisidagi bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi aʼzolaridan tuzilgan ishchi guruh vakillari yurtimiz boʻylab oʻz nazoratlarini amalga oshirmoqda. Darhaqiqat, ayni paytda ishchi guruh Navoiy viloyatida paxta yigʻim-terimi vaqtida majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik hamda terimchilar uchun barcha sharoitlarni yaratish borasidagi qilingan ishlarni oʻrganmoqda.

Dastlab, ishchi guruh aʼzolari Qiziltepa tumanida boʻlib, “Baxt tekstil” agroklasteri va 12 ta obyektlarini koʻzdan kechirishdi. Shuningdek, ishchi guruh oʻrganish jarayonlarida Xatirchi tumandagi 18 ta shu bilan birgalikda Karmana tumanidagi 21 ta paxta dalalariyu fermer-xoʻjaliklari, mahalla fuqaro yigʻinlari, klasterlar va korxona-tashkilotlarda ham boʻlib, kuzatuv jarayonida “Temir daftar”ga kiritilgan terimchilar bilan tuzilgan uch tomonlama shartnomalar, ularga yaratilgan shart-sharoitlar oʻrganildi.

– Biz shahar-tumanlarni oʻrganish davomida paxta yigʻim-terimi mavsumida majburiy mehnat holatlariga butunlay barham berish, terimchilar bilan belgilangan tartibda mehnat shartnomalarining imzolanganligi, ularning haqini oshirgan holda ragʻbatlantirish choralarini koʻrish, terim pullarini oʻz vaqtida daromad soligʻi olinmagan holda hamda byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari hisoblanmagan holda tarqatilishini nazorat qilish kabi masalalarni tahlil qilgan holda oʻrganib chiqmoqdamiz. Shuningdek, pandemiya sharoitini inobatga olib, paxta yigʻim-terimi ishlarini sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda tashkillashtirilishni qatʼiy nazoratga olish, boshqa hududlardan kelib terimda ishtirok etayotgan terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish borasidagi jarayonlar ham oʻrganildi, – deydi Oliy majlis Qonunchilik palatasi deputati, XDP fraksiya aʼzosi Sherzod Raxmonov.

Shuningdek, oʻzining fidoiyligi, mehnatkashligi bilan barchaga namuna boʻlayotgan fermer-xoʻjaliklar orasida belgilangan rejani muddatidan avval bajarib boʻlgan bobodehqonlarimiz borligi ham quvonarli hol. Xususan, xatirchilik E.Yusupovga qarashli “Roʻzibiyi momo Ergashova” fermer-xoʻjaligi tomonidan bugungi kunda 50 gektar yer maydoniga paxta ekilgan. Ushbu yer maydonining 24 gektaridan fermer xoʻjalik 130 tonna paxta xomashyosini yetishtirib, belgilangan shartnoma rejasini birinchilardan boʻlib bajardi. Bu esa ularning nihoyatda shijoatli va gʻayratli ekanligidan dalolatdir.

Barcha hududlarda ishchi guruh aʼzolari tomonidan tegishli masʼullarga majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik borasida topshiriq va tavsiyalar berib borildi. Bularning barchasi xalqimizning huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga qaratilganligi ayni haqiqat. Zero, yigʻib olinayotgan paxta xirmonlari mustaqilligimizning mustahkam tayanchi, kuch-qudratimiz va milliy gʻururimizning manbai, kelajagimizning ishonchli poydevoridir.

Dilnoza ABDUHAMIDOVA

1 199
O'zA