O‘zA O`zbek

05.08.2020 Chop etish versiyasi

SAXOVAT VA KOʻMAK: Saxiy odamlar qanotida...

SAXOVAT VA KOʻMAK: Saxiy odamlar qanotida...

Chirchiq shahridagi 5-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi, birinchi guruh nogironi Nishonjon Neʼmatov imkoniyati cheklangan boʻlsada oʻz maqsadlariga erishishda ishtiyoqi baland yoshlardan. Unga ozgina mehr va eʼtibor, ragʻbat kerak xolos.

Buni anglagan Chirchiq shahar Davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi, 4-sektor rahbari Ulugʻbek Ahmedov, xalq deputatlari shahar Kengashi raisi oʻrinbosari Ravshan Dastirov, shahar “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi boshligʻi Oʻtkir Tojiboyevlar Nishonjonning uyiga borib, undan hol-ahvol soʻradi, zamonaviy kompyuter jamlanmasi hamda nogironlik aravachasi sovgʻa qildi.

Bunday saxovat va koʻmakdan koʻngli shodlikka toʻlgan Nishonjon endi uydan turib darslarini oʻzlashtirish, uy taʼlimi orqali bilimini yana-da mustahkamlash imkoniga ega boʻldi.

Shuningdek, sektor guruhi tashabbusi bilan Nishonjon yashayotgan koʻchaning achinarli ahvolga kelib qolgan bolalar maydonchasi chiqindilardan tozalanib, obodonlashtirish ishlari olib borildi. Bu bolalar oʻyin maydonchasini yangidan barpo etish, hatto sport maydonchasi ham qurib berish rejalashtirildi.

Bu kabi xayrli tadbirlar viloyatning boshqa hududlarida ham olib borilmoqda. Jumladan, Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tuman kengashi deputati Jahongir Ziyayev qishloq maktabiga kompyuter sovgʻa qilmoqchi boʻlib, maktab izlayotganda toʻgʻrisi, koʻpchilik hayron boʻldi. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Toshkent viloyatidagi vakillari unga Parkent tumanining Zarkent qishlogʻidagi 15-umumtaʼlim maktabini tavsiya qildi. Boisi, bu yerda oʻquv jihozlari yetishmayotgan edi.

– Taʼlim dargohimizda 13 kompyuter bor, – deydi 15-umumtaʼlim maktabi direktori vazifasini bajaruvchi Fatxiddin Minhojiddinov. – Lekin ular 2004-yilda olib kelingani bois yaxshi ishlamaydi, eskirgan. Kompyuterimiz bor, deyishga ham uyalardik. Biz deputatning muruvvatidan juda xursandmiz.

Albatta, deputatning saxovati har qancha tahsinga sazovor. Lekin bir fikr kishini oʻylantiradi. Parkentda ham oʻziga toʻq odamlar kam emas. Ular ham hech boʻlmasa, oʻzlari oʻqigan maktabga bittadan kompyuter sovgʻa qilishsa, yomon boʻlmasdi.

1 950
A.Musayev, OʻzA