O‘zA O`zbek

28.08.2018 22:50 Chop etish versiyasi

Savdosi pishmagan ogʻu

Respublikamiz bojxonachilari tomonidan narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunbuzilishlariga qarshi kurashish boʻlimi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida giyohvand oʻsimliklarning noqonuniy yetishtirilayotganligi fosh qilindi.

Davlat bojxona qoʻmitasi axborot xizmatining maʻlumotiga koʻra, Olmaliq shahrida fuqaro E.F. rahbarligidagi maʻsuliyati cheklangan jamiyat hududi belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida bu yerda 90 tup “kannabis” (nasha) giyohvand oʻsimligi yetishtirilayotganligi aniqlandi.

Boshqarmaning Kontrabanda va bojxona qonunbuzilishlariga qarshi kurashish boʻlimi tomonidan esa Oʻrtachirchiq tumanida narkotik moddalarning yashirin savdosiga chek qoʻyildi.

Tezkor tadbir davomida, ushbu tumanda istiqomat qiluvchi fuqaro T.S. qogʻoz boʻlakchalaridan tayyorlangan 40 dona oʻramlarga 143,57 grammogʻirlikdagi “marixuana” giyohvandlik vositasini sotayotgan vaqtida fosh qilindi. Shundan soʻng, ushbu shaxsning xonadoni xolislar ishtirokida va belgilangan tartibda koʻzdan kechirilganida, 3 tup “kannabis” giyoxvandlik oʻsimligi va 52,5 gramm “marixuana” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

OʻzA
1 552