O‘zA O`zbek

22.02.2019 17:00 Chop etish versiyasi

Sarmoyalar deputatlar nazoratida

Sarmoyalar deputatlar nazoratida

Parlament quyi palatasi Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi va palataning OʻzLiDeP fraksiyasi hamkorligida yigʻilish oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi investitsiya va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari S.Bekenovning 2017-2018 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi sohasiga kiritilgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy va mahalliy investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi holati toʻgʻrisidagi axboroti tinglandi.

Tadbirda qishloq xoʻjaligi sohasini boshqarish tizimini isloh qilish, 2017-2018 yillarda qishloq xoʻjaligi sohasiga kiritilgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy va mahalliy investitsiya loyihalarining belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi va joriy yildagi rejalar atroflicha muhokama qilindi.

Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida tarkibiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va bunda davlatning rolini qisqartirish, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy va mahalliy investitsiyalar jalb etilishini ragʻbatlantirish, paxta va boshqa turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishning samarali usullarini joriy etish, ularni chuqur qayta ishlashni tashkil qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan choralar oʻz samarasini bermoqda.

Eshituv chogʻida mamlakatimizda mavjud xorijiy va mahalliy investitsiya loyihalarini amalga oshirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishning samarali usullarini joriy etish, ularni chuqur qayta ishlash, innovatsion, yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni tashkil qilishga eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, qishloq xoʻjaligida biznes subyektlari va tadbirkorlarga berilayotgan qoʻshimcha imkoniyatlar, imtiyoz va preferensiyalarning tashkiliy-huquqiy asoslarini mustahkamlash ham muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun mamlakatimizning investitsiya salohiyatini jahon biznes hamjamiyatiga toʻla namoyon etishga qaratilgan, sarmoya kiritishga intiladigan investorlar uchun hududlar va tarmoqlar boʻyicha investitsiya loyihalarini shakllantirishda yagona, kompleks yondashuvlarni belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Nurillo Nasriyev, OʻzA
527