O‘zA O`zbek

06.11.2019 Chop etish versiyasi

“Sardorlar, siz yolgʻiz emassiz!“

“Sardorlar, siz yolgʻiz emassiz!“

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi tomonidan poytaxtimizda “5 tashabbus – besh imkon” shiori ostida Respublika sardorlar forumi boʻlib oʻtmoqda.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirning tantanali ochilish marosimida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori oʻrinbosari Saida Mirziyoyeva, Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Alisher Saʼdullayev ishtirok etdi.

– Siz faqatgina jamoat ishlarida emas, jamiyatda faol boʻlishingiz kerak, – dedi Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva. – Buning uchun tizimda yoshlar parlamentini tashkil qilish lozim. Oʻshanda sizlar Oliy Majlis Senatida tashkil etiladigan yalpi majlislarda kuzatuvchi sifatida qatnashishingiz mumkin boʻladi. Yoshlarni qanday muammolar qiynamoqda, qonun loyihalariga qanday takliflaringiz bor, shu haqda oʻz fikringizni erkin bayon etishingizga imkoniyat yaratiladi. Yoshlar haqida qonunlar qabul qilinganda muhokamalarda sizlar ishtirok etishingiz shart.

Maʼlumki, “Kamalak” bolalar tashkiloti 2003-yil 21-may kuni tashkil topgan. Tashkilot oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi hududida Yoshlar ittifoqi qoshida amalga oshiradi. Tashkilot faoliyatining asosiy maqsadi – bolalarni milliy gʻoya asosida Vataniga sodiq, komil farzandlar etib tarbiyalash, ularning huquq-manfaatlarini ifoda etish, himoya qilish, isteʼdodi va qobiliyatini roʻyobga chiqarishi hamda rivojlantirishi uchun sharoitlar yaratib berishdan iborat.

Uning eng quyi boʻgʻini – taʼlim muassasalaridagi “Kamalak” bolalar tashkilotining Sardorlar kengashi boʻlib, u bolalarni oʻz atrofida birlashtiradi. Sardorlar kengashi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida Yoshlar ittifoqining boshlangʻich tashkiloti qoshida faoliyat yuritadi.

Tadbirda davlatimiz rahbari ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusdan koʻzlangan asosiy maqsad haqida fikr bildirildi.

– Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusda yoshlarning taʼlim olishi va ularning tarbiyasiga asosiy eʼtibor qaratilgan, – dedi S.Mirziyoyeva. – Ularning toʻliq bajarilishi, millionlab yigit-qizlarimiz yanada bilimli, maʼnan barkamol va jismonan sogʻlom, eng asosiysi, baxtli boʻlishiga xizmat qiladi. Ammo bu jarayon oʻz-oʻzidan yoki yuqoridan buyruq berish bilangina amalga oshmaydi. Bunda yurtimizning sizlar kabi eng faol va joʻshqin yoshlarining oʻrni juda katta. 5 ta muhim tashabbus ijrosini taʼminlash maqsadida loyiha ofisining tashkil etilgani bu yoʻldagi dastlabki katta qadamdir. Mazkur ofis belgilangan vazifalarni Oʻzbekiston boʻylab tizimli olib borishga koʻmaklashadi. Bu gʻoyaga millionlab odamlarni jalb qilib, uni haqiqiy maʼnoda xalq va yoshlar harakatiga aylantirishga yordam beradi. Bunda, avvalo, ofis boshqaruv kengashi aʼzolari respublika miqyosidagi sardorlar zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi. Yoshlarga yetakchilik qilish, atrofdagilarga namuna boʻlish oson emas. Lekin qalbimizda Vatanga muhabbat, fidoyilik, ertangi kunga ishonch boʻlsa, bu bizga kuch beradi. Sardorlar, siz yolgʻiz emassiz. Prezidentimiz, hukumat aʼzolari, mana biz sizning yoningizdamiz. Doimo sizlarni qoʻllashga tayyormiz.

Respublika sardorlar kengashi saylovida chin maʼnoda munosib, qiyinchiliklardan qoʻrqmaydigan, eng tashabbuskor va eng tirishqoq yoshlar gʻalaba qozonishiga ishonch bildirildi.

Yoshlar ijod saroyida ishtirokchilar uchun “Amir Temur” nomli gologramma spektakl namoyish etildi.

– Bundan ikki yil avval Xitoyga tashrifimiz mobaynida gologramma teatri namoyishida ishtirok etgan edik, – dedi Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi raisi Murodulla Alimboyev. – Oʻshanda nega Oʻzbekistonda ham shunday loyiha qila olmaymiz, degan savol paydo boʻldi. Uni amalga oshirishga astoydil bel bogʻladik. Buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur haqida gologrammaga asoslangan tarixiy spektakl mehnatimizning ilk mahsuli boʻldi. “Hologram World” gologrammani yaratuvchi ilgʻor texnologiyalar Germaniya, Yaponiya va Xitoydan olib kelindi. Ijodiy jamoa oʻz ishining professionallaridan iborat. Ularni toʻplash qiyinchilik tugʻdirmadi. Negaki, yurtimizda isteʼdod egalari juda koʻp. Ularni yuzaga chiqarish kifoya, ijodiy jarayonda ayni jihatga alohida eʼtibor qaratdik.

Saylov doirasida sardorlar va hududiy “Kamalak” bolalar tashkiloti raislari uchun seminar-trening tashkil etish, shuningdek, ularning Toshkent shahridagi Prezident maktabiga tashrif buyurishi rejalashtirilgan.

451
Xurshid QODIROV, OʻzA