O‘zA O`zbek

02.08.2020 Chop etish versiyasi

Sardoba: shinam va koʻrkam uylar

Sardoba: shinam va koʻrkam uylar

Sardoba suv omboridagi toshqindan talafot koʻrgan bir necha uy-joylarni taʼmirlash Toshkent viloyati hokimligi zimmasiga qoʻyilgan edi. Ushbu aholi yashash joylari Oqoltin tumanidagi “Shodlik” mahalla fuqarolar yigʻini hududida boʻlib, bugun bu yerda qurilish ishlari qizgʻin olib borilmoqda.

Xususan, texnogen ofat tufayli zarar koʻrgan 17 gektar maydondagi 128 ta xonadonlarni taʼmirlash uchun viloyat “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi tomonidan 34 million 687 ming soʻmlik mablagʻ sarflanmoqda. Bugungi kunda 8 ta qurilish-pudratchi tashkiloti bunyodkorlik ishlarida qatnashmoqda.

Hozir uylarning aksariyat qismida taʼmirlash yumushlari yakunlanyapti. Jumladan, 38 ta uyda 90 foiz taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan boʻlsa, 90 ta uy toʻliq taʼmirlab boʻlingan, 85 ta uy esa foydalanishga topshirilgan. Bunday qurilish ishlarini koʻrib, kishining koʻzi quvonadi. Aholi yashash punktlari nafaqat oʻz holiga qaytmoqda, aksincha yangilanib, tobora chiroy ochayotir.

Ammo uylarni taʼmirlash jarayonida bir qator kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilgan. Masalan, xonadonlarning yuvinish xonalaridagi devorlar toʻliq tozalanib, demontaj qilinmasdan, kafel terilgan. Bir qator xonalarning ichki oraliq devorlariga oʻrnatilgan eshiklar atrofi maxsus koʻpiklar bilan toʻldirilmasdan, taxtalar bilan yopilgan.

Mutaxassislar tomonidan maxsus tekshiruvlarda bu kabi salbiy holatlar aniqlandi. Samarqand va Toshkent viloyati qurilish nazorati inspeksiyalari, Toshkent viloyati “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi va “Nazar hamkor qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyati pudratchi tashkiloti mutaxassislari tomonidan bunday kamchiliklarni bugungi kunda bartaraf etishga kirishilgan. Ularni loyihada koʻrsatilgani kabi amalga oshirish ishlari olib borilyapti.

Albatta, kamchiliklar tuzatiladi. Barcha ishlar nihoyasiga yetkaziladi. Quruvchilarning shijoati, olib borilayotgan ishlar koʻlami shundan dalolatdir. Asosiysi, buning uchun hamma sharoit va imkoniyat bor. Yogʻin-sochinli kunlarga qolmasdan, belgilangan paytda uylarni egalariga topshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, tiklanayotgan hududda koʻrkam binolar, taʼlim maskanlari, savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari tobora zamonaviy tus olmoqda. Oqoltinliklarning ijtimoiy yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida koʻcha va obyektlarga koʻplab yoritish chiroqlari oʻrnatildi. Endilikda ularning azaliy orzusi boʻlgan tabiiy gaz har bir xonadonga kirib boryapti. Amalga oshirilayotgan barcha bunyodkorlik tadbirlari natijasida bu yerga hayot yana qaytmoqda.

Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan mutasaddilar tomonidan mazkur hududda yashovchi aholi uchun qoʻy soʻyilib, osh damlandi. Oilalarga qoramol tarqatildi. Ular ulugʻ ayyomni shinam uylarda kutib olishdi.

2 630
OʻzA