O‘zA O`zbek

20.08.2019 Chop etish versiyasi

Sapyorlar uchun amaliyot haftaligi o‘tkazilmoqda

Sapyorlar uchun amaliyot haftaligi o‘tkazilmoqda

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi sapyor mutaxassislari uchun harbiy okrug poligonlarida amaliyot haftaligi o‘tkazilmoqda. 

Jumladan, Markaziy harbiy okrugdagi “Kattaqo‘rg‘on” poligonida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda sapyorlar mina maydondan yo‘l ochish, ko‘prik hosil qilish, muhandislik razvedka ishlarini olib borish, amaliy portlatish hamda muhandislik mashinalarini tavsifi va ularni boshqarish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda, deb xabar beradi Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati.

O‘quv yig‘inda yosh sapyorlar malakali mutaxassislarga biriktirilib, ustoz-shogird an’analari yo‘lga qo‘yildi.

photo_2019-08-20_11-37-26.jpg

– Sapyor mutaxassisligi hamisha Qurolli Kuchlardagi eng tanqis va kerakli soha bo‘lib kelgan, – deydi o‘quv yig‘in rahbari, mayor Sanjar Yo‘ldoshev. – Portlovchi vositalar bilan ishlash va ularni amaliy qo‘llash bo‘yicha O‘zbekistondagi birdan bir harbiy mutaxassislik. Bundan tashqari, xavfli minalarni zararsizlantirishdagi birgina xato katta xavfni yuzaga keltiradi, mina maydonida harakatlanib harbiy texnika va bo‘linmalar uchun yo‘l ochish esa yanada xavfli vazifa. Shu bois, sapyor bir marotaba adashadi, degan naql bor. Kuchli bilim va katta tajribaga ega bo‘lgan sapyor o‘zi qatori minglab insonlar hayotini qutqarib qoladi. Amaliyot haftaligi esa muhandislik qo‘shinlari mutaxassislarini malakalarini oshirishda qo‘l kelyapti.

photo_2019-08-20_11-30-24.jpg

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda muhandislik qo‘shinlari mutaxassislari Qurolli Kuchlar akademiyasi muhandislik tayyorgarlik kafedrasida 4 yillik harbiy ta’lim hamda qisqa muddatli qayta tayyorlash kurslarida o‘qitiladi. Shu bilan birga xalqaro hamkorlik doirasida chet el harbiy ta’lim muassasalarida malaka oshirish uchun yuboriladi.

2 644
G‘olib HASANOV, O‘zA