O‘zA O`zbek

01.05.2018 15:07 Chop etish versiyasi

Sanoat usulida omuxta yem ishlab chiqarish kengaytiriladi

2018-2019-yillarda yiliga 354,0 ming tonna granulalangan va ekstrudirilgan zamonaviy omuxta yem ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi.

Respublikada zamonaviy sanoat usulida omuxta yem ishlab chiqarishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi “Huquqiy axborot” kanali xabar qiladi.

Qarorga muvofiq, joriy yilda 28 ming 844 gektar maydonda makkajo‘xori ekiladi hamda 2018-2019-yillarda hududlarda 280 ta bo‘rdoqichilik komplekslari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, 2018-2019-yillarda yiliga 354,0 ming tonna granulalangan va ekstrudirilgan zamonaviy omuxta yem ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali iste’molchilarning omuxta yemga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish rejalashtirilmoqda.

Endilikda, chorva mollari, parranda va baliq ozuqasi uchun ishlab chiqarilayotgan omuxta yem mahsulotlari qadoqlangan va unga mahkamlangan yorliqda mahsulotni tayyorlagan tashkilot, ishlab chiqarilgan sanasi, tarkibi, chorvachilikning qaysi turi, yo‘nalishi va chorva mollarining yoshi uchun tayyorlangan, yaroqlilik muddati va saqlash sharoitlari ko‘rsatilishi lozim.

Qaror bilan, shuningdek, mutasaddi tashkilotlarga omuxta yem mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida “O‘zdonmahsulot” AK va “O‘zpaxtayog‘” AJ tizimidagi tashkilotlar hamda tadbirkorlik subyektlariga hududlarda faoliyat yuritayotgan kushxonalar, go‘sht va baliqni qayta ishlash, kolbasa, pivo, tomat va meva sharbatlari ishlab chiqaruvchi tashkilotlardan ikkilamchi va ozuqabop chiqindilarni shartnoma asosida sotib olishiga amaliy yordam ko‘rsatish topshirildi.

O‘zA
5 587