O‘zA O`zbek

06.12.2018 19:57 Chop etish versiyasi

Sankt-Peterburgda soxta-konsul migrantlarga umuman yoʻq davlatning pasportini sotgan

Sankt-Peterburgda soxta-konsul migrantlarga umuman yoʻq davlatning pasportini sotgan Sankt-Peterburg shahar politsiyasi mahalliy aholi vakilini ushladi. Ushlangan shaxs shahar aholisi va Markaziy Osiyodan kelgan migrantlarga umuman yoʻq boʻlgan Apatrid – Stateless people international (ASPI) davlatining pasporti va haydovchilik guvohnomasini sotish bilan shugʻullanib kelgan.

ASPI deb nomlangan davlatni oʻylab topgan va oʻzini bu davlatning konsuli, deya eʼlon qilgan uzoq masofaga suzuvchi kemaning sobiq kapitani Valeriy Suxanovga nisbatan “Firibgarlik” moddasi boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatildi, deya xabar berdi Rossiya IIVning Sankt-Peterburg shahri va Leningrad viloyatidagi Bosh boshqarmasi matbuot xizmati.

Oʻylab topilgan davlat pasportini kamida olti kishi – toʻrt nafari Tojikiston fuqarosi, bir nafari oʻzbekistonlik va yana bir nafari pokistonlik sotib olgan. Suxanovning xonadoni tintuv qilinganida ASPI davlatida yashamoqchi boʻlgan kamida 160 kishining suratlari va hujjatlarining nusxalari topildi.

Valeriy Suxanov pasport va haydovchilik guvohnomasi uchun 100 ming rubl talab qilgan, u oʻz mijozlarini qahvaxona yoki koʻchada qabul qilgan. Soxta-konsulning taʼkidlashicha, bu hujjatlar dunyoning 200 ta mamlakati hududida amal qilar ekan.

Sankt-Peterburg elektrotexnika davlat universiteti katta oʻqituvchisi Farrux Sattorovning fikricha, tojik muhojirlari nafaqat ishonuvchanligi, balki bilim darajasi past boʻlgani uchun ham tez-tez firibgarlar oʻljasiga aylanadi. “Ayrim vatandoshlarimiz, qoʻpol qilib aytganda savodsiz. Mana shundan firibgarlar foydalanib qolishadi”, – deydi olim.



Sharofiddin Toʻlaganov, OʻzA
720