O‘zA O`zbek

05.03.2018 15:27 Chop etish versiyasi

Sanitariya talablariga javob bermaydigan chiqindixonalar

Sanitariya talablariga javob bermaydigan chiqindixonalar
Toshkent viloyatining aksariyat joylarda chiqindilar tartibsiz ravishda to‘planadigan punktlar hamon saqlanib qolayotgani tufayli ularga tutash hududlarning sanitariya-epidemiologiya holati yomonlashmoqda

Toshkent davlat agrar universitetida “Chiqindilarning atrof-muhitga salbiy ta’siri” mavzusida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida mutasaddilar viloyatda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena talablariga javob bermaydigan chiqindilar to‘planadigan poligonlar mavjudligi haqida aytib o‘tdi. 

– Viloyatning ayrim hududlarida sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena me’yorlariga javob bermaydigan chiqindilar to‘planadigan poligonlar mavjud. Aksariyat joylarda chiqindilar tartibsiz ravishda to‘planadigan punktlar hamon saqlanib qolayotgani tufayli ularga tutash hududlarning sanitariya-epidemiologiya holati yomonlashmoqda, – deydi Toshkent viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Nasima Ahmedova. – Bu kabi holatlar yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishiga sharoit yaratadi. Ayni paytda boshqarmamiz tomonidan viloyatdagi tuman va shaharlarning sanitariya-epidemiologiya holatini yaxshilash, chiqindi bilan bog‘liq vazifalarni bajarish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yil boshidan buyon boshqarma inspektorlari tuman va shaharlardagi 570 ta mahallaning chiqindilar bilan bog‘liq sanitar holatini o‘rgandi. Oqqo‘rg‘on, Zangiota, Parkent va Yuqori Chirchiq kabi tumanlarda aniqlangan noqonuniy chiqindixonalar hashar yo‘li bilan tozalandi.

Tadbirda mutaxassislar tomonidan sohada amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini jamoatchilikka tushuntirish, tabiatdan foydalanish sohasidagi faoliyatni belgilab beruvchi qonun hamda normativ hujjatlar, uning joylardagi ijrosi xususida ma’lumot berildi.

Ushbu maqola O‘zA obunachilariga taqdim etilgan yangilikning bir qismi bo‘lib veb saytda qisqartirilgan shaklda chop etildi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
10 768