O‘zA O`zbek

22.08.2019 Chop etish versiyasi

Sanʼatning betakror jozibasi

Sanʼatning betakror jozibasi
Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik Katta teatrida Qozogʻistonning “Ostona balet“ teatr jamoasi sahnalashtirgan spektakllar namoyishi boʻlib oʻtmoqda.

Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili doirasidagi tadbirlardan boʻlgan ushbu ijodiy loyiha raqs sanʼati muxlislariga manzur boʻlishiga shubha yoʻq. Qardosh xalq sanʼatkorlari bilan birgalikda tashkil etilayotgan premyeralar, konsert dasturlari, koʻrgazmalar, ijodiy va adabiy muloqotlar ikki xalq doʻstligining nechogʻli azaliy, mustahkam ekanini yana bir karra namoyish etmoqda.

“Ostona balet“ teatri jamoasi 2012-yilda Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev tashabbusi bilan tashkil etilgan. Jamoaning debyut namoyishi 2013-yilning iyul oyida boʻlib oʻtgan.

– Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili madaniy voqealarga boyligi bilan ahamiyatlidir, – dedi “Ostona balet“ teatri direktori Aleksandr Sovostyanov. – Spektakllar namoyishi oʻzbekistonlik tomoshabinlarning samimiy olqishi bilan oʻtayotgani gʻoyat quvonarlidir. Jamoamizning “Muhabbat haqida afsona“ spektaklini esa doʻstligimiz ramzi, deb atash mumkin. Chunki bu spektakl musiqasini Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik Katta teatri orkestri ijro etadi.

Ijodiy safarning dastlabki kunida “Buyuk dasht merosi“ nomli musiqiy dastur muxlislarga taqdim etildi. Qardosh yurt ijodkorlari Aygul Tati hamda Mukaram Avaxrining mualliflik talqinidagi ushbu dastur Yevropa davlatlari va AQSHda sanʼat ixlosmandlarining olqishi va yuksak eʼtirofiga munosib topilgan xoreografik tomosha sanaladi. Ushbu dastur buyuk dasht oʻtmishini yuksak pardalarda kuylashi bilan ahamiyatlidir.

“Ostona balet“ teatri jamoasining “Muhabbat haqidagi afsona“, “A Fuego Lento” balet spektakllari ham namoyish etilmoqda.

1 002
Nazokat USMONOVA, OʻzA