Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.01.2018 15:15 Chop etish versiyasi

Samoviy tulporlarimizga kimlarning ko‘zi o‘ynamagan ...

Samoviy tulporlarimizga kimlarning ko‘zi o‘ynamagan ...
Ot mingan chavandoz qiyofasidagi mag‘rurlik va ulug‘vorlik, ko‘zlaridagi shijoat va mardlik, vujudiga singgan dovyuraklik va g‘alabaga bo‘lgan ishonch buyuk ajdodlarimiz – Alpomish, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur va Zahriddin Muhammad Boburning pinhoniy siymolarini eslatadi.

Chavandoz va qorabayir zotli arg‘umoqning bir-biriga uyg‘unligi tarixning ne-ne olatasir davrlarida ot surgan bobolarimizni eslatadi. Bugun faqatgina ko‘pkari maydonlarida ko‘rinib turadigan afsonaviy qorabayir otlari qadim zamonlarda ulkan muhorabalar taqdirini hal etgani ma’lum haqiqat. 

Tog‘ va sahro tutashgan, doimo qizg‘in savdo yo‘lida joylashgan, harbiy to‘qnashuvlar makoni bo‘lgan O‘rta Osiyoda asrlar bo‘yi asl zotli tulporlar yetishtirish tajribasi to‘plangan. Ahaltaka, yovmid va qorabayir otlari haqli ravishda jahon yilqichiligining gavhari hisoblanadi. Xususan, qorabayirlar na tog‘, na dashtni pisand qiladi. Ochlik ham, suvsizlik ham ularga pesh emas. Izg‘irinu jaziramaga ham parvo qilmay yo‘lning tanobini tortib boraveradi, qorabayirlar uchun masofaning uzoq-yaqinligi ahamiyatsiz. 

Faraz qiling, kuni bilan 20 kilometr yo‘l yurgan odam shu masofani otda taxminan bir soatda bosib o‘tadi. Bu bor haqiqiqat! Biroq, otni kim va qayerda xonakilashtirgani anchayin bahsli masala. 

Tarixchi olimlar bu masalada bir qarorga hamon kelisha olgani yo‘q. Biroq, tarix otasi Herodotning yozishicha, massagetlar asl tulporlar yetishtirgan va ularning arg‘umoqlari uzoq-yaqin xalqlar yilqichiligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, Shimoliy Afrikada keng tarqalgan otlarda O‘rta Osiyo arg‘umoqlarining belgilari borligi aniqlangan. 

Ta’kidlash kerakki, qorabayirning paydo bo‘lishi o‘zbek xalqining tarixi bilan uzviy bog‘liq. Xalq seleksiyasi mahsuli bo‘lgan ushbu zot o‘zgaruvchan tabiiy iqlim sharoitlariga moslashuvchanligi, chopqirligi, kuchliligi bilan ajralib turadi. Tashqi ko‘rinishi esa nihoyatda ko‘rkam. Ajdodlarimiz otlarini ham o‘z harakterlariga qarab tarbiyalashgan. Qorabayir arg‘umoqlar dadil, chaqqon, chidamli, mag‘rur, jasur, uchqur, ziyrak, sadoqatli, egasining haqiqiy do‘sti, odatda, oilaning teng a’zosidir. 

Bizning samoviy tulporlarimizga kimlarning ko‘zi o‘ynamagan deysiz. Eron podsholari, yunon-makedon aslzodalari, Xitoy imperatorlari. ... Chin solnomalarida qayd etilishicha, O‘rta Osiyo davlatlarining o‘troq aholisi eramizdan avvalgi davrlarda ham dovrug‘i dovon oshgan arg‘umoq otlarni ko‘paytirish bilan shug‘ullangan. 

Yevropa kinolarida ko‘rgansiz: bo‘yinlarini gajak qilib, chiroyli qadamlar bilan yurgan otlarni. Bir qarab, havasing ham keladi. Lekin lo‘killab qadam tashlayotgan otda o‘tirgan odamga oson emasligi hayolingiz ko‘chasiga kirmagan bo‘lsa kerak. Bunday yo‘rtoqi otlar egasini charchatib qo‘yadi. Qorabayirlar esa siyosat yurish qilolmasligi rost. Chunki ular ko‘proq yo‘rg‘a bo‘ladi. 

Yo‘rg‘a degani shundayki, egarining ustiga bir kosa suv qo‘ysangiz, tekis yo‘lda bir tomchisini ham to‘kmay manzilga yetkazadi. 

Bunday otlar mayda qadam tashlasa ham, soatiga bemalol 9-10 km yo‘l bosadi. Cho‘l yoki tog‘ sharoitida manzilga mashinadan tezroq yetib borishi mumkin. Qolaversa ichingiz to‘kilmaydi, charchamaysiz. Bugungi kunda G‘arbiy Yevropada qorabayirlarning mana shu hislati ko‘proq manzur bo‘layotgan ekan. Sayru sayohat uchun juda bopda, bu yo‘rg‘a otlar. 

Qorabayir yuk tashishga mo‘ljallangan zotdor og‘ir otlardan qolishmaydi, chopqirlik bobida esa toza qonli uchqur tulporlar bilan bahs boylashadi. X1X asrda yurtimizga kelgan sayyoh N. Seversov o‘z esdaliklarida salt miniladigan qorabayir haqida alohida to‘xtalgan: “Bu ajoyib ot deyarli hech nima yemay ikki sutkada 340 verst yo‘l bosib kelgan. Shunga qaramay hali ham bardam: dam pishqirib, dovyurak egasiga o‘ynoqilaydi, dam oldini ko‘tarib, orqa oyoqlarida turadi ”.

Sayyohning gapidan ma’lum bo‘ladiki, qorabayir kuniga 170 verst yo‘l bosgan. 1 verst-1 kilometrdan ko‘proq demakdir. Arabi bedovlar ham bir kunda 150-160 km masofa yurgan, xalos. Qolaversa, qorabayir otida yog‘ metabolizmi nisbatan kuchli, yaxshi boqilsa, qorniga yog‘ to‘plab, keyin uning hisobidan kunlab yemish yemay, suv ichmay yo‘l yuraveradi.

Qorabayir deyilsa, ko‘pchilik ko‘z o‘ngiga rangi qora ot keladi. Yo‘q, qorabayir yilqi zotining nomi. Ilmiy adabiyotlarda aytilishicha, “qorabayir” so‘zi “xonaki ot”, “jaydari ot” ma’nolarini bildiradi. 

Yana bir fikr: turkiy elatning afsonviy hukmdori Alp Er To‘nganing forscha nomi –Afrosiyob. Bu so‘z ham “qora otli kishi” ma’nosini berishi ilmiy adabiyotlarda qayd etilgan. 

Farg‘ona naslli arg‘umoqlari va ularning xitoydagi taqdiri bilan tanishish istagida bo‘lsangiz saytimizni kuzatib boring. 

Sayyora Shoyeva, O‘zA
13 341