O‘zA O`zbek

04.07.2020 Chop etish versiyasi

“Samosud”ning ildizi qayerda?"

“Samosud”ning ildizi qayerda?"


"Koronavirus pandemiyasining yana-da chuqurlashib borishi sharoitida taraqqiy etgan mamlakatlar oʻz hududlarida sanoat ishlab chiqarishini qaytadan rivojlantirishga harakat qilmoqda. Bu yirik kompaniyalar uchun xavflarni kamaytirishi mumkin, ammo rivojlanayotgan davlatlar u yoqda tursin, ilgʻor iqtisodiyotga ega mamlakatlarning ishchi va xizmatchilariga ham katta foyda keltirmaydi, — deyiladi. “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida eʼlon qilingan “Sanoat siyosati strategiyasi — milliy iqtisodiyot barqarorligining muhim omili” sarlavhali maqolada. — Koronavirus pandemiyasining kuchayishi asnosida global logistik zanjirlarga xos boʻlgan muammolar oʻzini har qachongidan ham yaqqolroq namoyon qila boshladi. Avvallari rivojlangan iqtisodiyotga ega mamlakatlarning biznes kompaniyalari oʻz eʼtiborini ishchi kuchi arzon va koʻp davlatlarga qaratgan boʻlsa, endilikda ular oʻz loyihalarini eng past haq toʻlanuvchi xodimlar tomonga burmoqda...".

“Xalq soʻzi” gazetasida eʼlon qilingan Mengnor Ollomurodovning “Janub darvozasi — Surxondaryo islohotlar koʻzgusida” sarlavhali maqolasida esa quyidagi mulohazalarni oʻqiysiz:

“Surxondaryoda sanoat korxonalari nega kam?” derdik bundan 3-4 yil oldin baʼzan bir-birimizga boqib.

— Surxondaryo, bu — qishloq xoʻjaligi viloyatida...

— Yer osti boyliklari oʻrganilmagan. Shuning uchun...

— Poytaxtdan uzoq... Toshkentdan Termizga yo Sherobodga yo Jarqoʻrgʻonga zavodni, fabrikani olib kelish osonmi? Minglab ishchilar, xizmatchilar ishlaydigan sanoat korxonalari aholi zich, koʻp yashaydigan viloyatlarda quriladi. Surxondaryoda ikki milliondan ortiq aholi bor. Baʼzi viloyatlarda toʻrt million aholi yashaydi. Surxondaryoda yer koʻp, hududi katta...

Bu javoblarda qandaydir jon bordek tuyuladi. Lekin hayotni oʻzgartirishga, taraqqiyotga bular toʻsiq boʻlishi mumkinmi? Aslo yoʻq! Aslida, paxtani oʻzida yetishtirib, paypoqni ming kilometr uzoqdan, transportu yonilgʻi xarajatiga kuyib, tashish iqtisodiyotga qanchalik foydali?! Oddiy sement ikki ming kilometr olisdan keltirilsa, qurilish sanoati nechogʻli jadal ravnaq topadi?! Shubhasiz, fikrlaydigan har qanday inson bunday holatlar faqat ziyonga “ishlashi”ni darhol anglaydi..."

"Bugun insonlarni hayratlantirish biroz mushkul ish boʻlib qoldi, — degan jumlalar bilan boshlanadi “Adolat” gazetasida eʼlon qilingan “Samosud”ning ildizi qayerda?" sarlavhali maqola. — Odatga koʻra barchamiz uyqudan turiboq internet olamiga shoʻngʻiymiz. U yerda boʻlayotgan ishlarni koʻrib, oldiniga yoqa ushlasak, keyinchalik har xil dahshatli voqealarni kuzataverib, koʻzimiz ham oʻrganib qoladi, hattoki taʼsirlanmay qoʻyamiz. Aslida, eng yomoni ham shu emasmi?

Tavba, biz qachon bu ahvolga kelib qoldik, oldinlari ham shunday xunrezliklar sodir etilganmikan yoki biz bexabar boʻlganmizmi, degan savollar tugʻiladi. Shu payt yoshligimda otamdan “Nima uchun hayotda yomonliklar ham borligi haqida bizga aytmagansiz?” deb ranjiganim yodimga tushadi. Otam esa bosiqlik bilan: “Bolam, yomonlik va yaxshilik yonma-yon yuradi, lekin men sizlarga faqat yaxshilik haqida gapirdim, negaki, odamlarga yaxshilik qilishlaringizni istadim...”

“Ovozi tojik” gazetasida Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad tavalludining 100-yilligiga bagʻishlangan material eʼlon qilingan. Unda muallif M. Shodiyevning buyuk adib haqidagi fikrlari, asarlari haqidagi mulohazalari oʻquvchilarga taqdim etilgan.

Kambagʻal boʻlish ayb emas, deyishadi. Toʻgʻri. Lekin, shunday boʻlsa nega hech kimning kambagʻal boʻlgisi kelmaydi? “Toshkent haqiqati” gazetasida eʼlon qilingan “Kambagʻallik ayb emas, lekin...” sarlavhali maqola muallifi: “Shunday toifadagi kishilar borki, ular ish yoʻqligidan nolishadi. Lekin ish topib bersangiz, bahona izlaydi, koringga ishlatgin, deb koʻmak ajratsangiz, ”Menga kam tegdi“, deydi, tomorqangga ekkin deb, yerini haydab, urugʻligini bersangiz, ishlovini qilmaydi, chorvangni koʻpaytir deb mol bersangiz, sotib yuboradi...” deb yozar ekan, oʻz mulohazalarini aslida bugun kambagʻallikni boʻyniga olayotganlar ishyoqmas, dangasa, imkoniyatlardan foydalanishni istamayotgan kishilardir, deya xulosalaydi.

Boʻstonliqda buzilgan 594 ta turar va noturar joylar nima uchun noqonuniy, oʻzboshimcha qurilmalar deb topilgan edi? Uning egalari nimalarni daʼvo qilishyapti? Ijtimoiy tarmoqlar “xususiy mulkka tajovuz” deb bong urayotgan adolat va haqiqatning mezoni nimada? Bu kabi savollarga “Koʻrgan boshqa, eshitgan boshqa” sarlavhali materialda javob berilgan.

***

Yangi rukn va maqola haqidagi fikr, taklif va istaklaringizni pochta@uza.uz manzilida kutib qolamiz.

ESLATMA: ertaga hafta davomida matbuotda qaysi mavzular qanday yoritilganini “Adolat” gazetasi Bosh muharriri Islom Hamroyev sharhlaydi.


1 861
O'zA