O‘zA O`zbek

30.08.2018 21:46 Chop etish versiyasi

Samimiy qutlovlar

Samimiy qutlovlar Mamlakatimiz mustaqilligining 27 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlaridan samimiy qutlovlar kelishi davom etmoqda. Ularda davlatimiz rahbariga salomatlik va muvaffaqiyatlar, Oʻzbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va farovonlik tilab, ezgu istaklar izhor etilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Sizni milliy bayram – Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi kuni bilan samimiy muborakbod etaman.

Rossiyada doʻst Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot borasida erishayotgan yutuqlar, mamlakatingizning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotgani mamnuniyat bilan eʼtirof etilmoqda.

Davlatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik kabi ezgu anʼanalarga asoslangan munosabatlar yuksak darajaga koʻtarilgan. Ishonchim komil, biz birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan ikki tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, shuningdek, mintaqaviy masalalar boʻyicha konstruktiv hamkorlikni bundan buyon ham faol rivojlantiramiz. Bu xalqlarimiz manfaatlariga toʻliq javob beradi hamda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash borasidagi intilishlarimizga hamohangdir.

Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik va muvaffaqiyat, Oʻzbekistonning barcha fuqarolariga baxt-saodat va farovonlik tilayman.

Hurmat bilan,

Vladimir PUTIN,

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti

***

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident janoblari!


Sizni va butun Oʻzbekiston xalqini Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 27 yilligi bilan samimiy muborakbod etishga ijozat bergaysiz.

Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillik yillarida siyosat, iqtisodiyot va ijtimoiy taraqqiyot sohalarida yuksak eʼtirofga sazovor ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritdi.

Siz, Janobi Oliylari rahbarligida amalga oshirilayotgan va salmoqli natijalar berayotgan islohotlar siyosati alohida tahsinga munosib.

Sizning rahbarligingizda Oʻzbekiston Respublikasi oʻz taraqqiyotida yangi va yanada yuksak marralarga erishishiga ishonchim komil.

Mamlakatlarimiz 1992 yilda diplomatik munosabatlar oʻrnatganidan buyon ishonch va doʻstlik tamoyillari asosida oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirayotganidan xursandman. Siz, Prezident janoblari bilan mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish masalalarini muhokama qilish uchun oʻzaro maqbul muddatlarda Oʻzbekiston Respublikasida tashrif bilan boʻlishga umid qilaman.

Prezident janoblari, Sizga mustahkam sogʻlik va ulkan muvaffaqiyatlar, Oʻzbekiston Respublikasiga yanada ravnaq tilayman.

Hurmat bilan,

Mun Chje IN,

Koreya Respublikasi Prezidenti

***

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Prezident janoblari!

Oʻz nomimdan va butun Fransiya xalqi nomidan Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi kuni bilan Sizga eng ezgu tilaklarimni izhor etishdan, Oʻzbekiston xalqiga baxt-saodat va ravnaq tilashdan bagʻoyat mamnunman.

Koʻp yillar davomida hamkor boʻlib kelayotgan Fransiya va Oʻzbekiston munosabatlari yanada rivojlanib borayotganini olqishlayman. Ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi ortayotgani va strategik hamkorligimiz diversifikatsiya qilinayotgani barobarida joriy yilda siyosiy muloqotimiz yanada mustahkamlanadi. Parij shahriga boʻlajak rasmiy tashrifingiz davomida Siz bilan uchrashuvimizni katta mamnuniyat bilan kutyapman.

Ushbu tashrif oldidan ikki tomonlama koʻplab muhim uchrashuvlar, jumladan, 20 iyul kuni savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya majlisi oʻtkazildi. Boʻlajak oliy darajadagi muzokaralar oʻzaro munosabatlarimizni faollashtirish va yanadadiversifikatsiya qilish yoʻllarini muhokama etish uchun yaxshi imkoniyat boʻladi.

Fursatdan foydalanib, Sizni mamlakatingizning Fransiya uchun muhim boʻlgan Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasi bilan qutlashga ijozat bergaysiz.

Prezident janoblari, Sizga boʻlgan yuksak hurmatimni qabul qilgaysiz.

Emmanuel MAKRON,

Fransiya Respublikasi Prezidenti

***

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga


Siz, Janobi Oliylarini doʻst Oʻzbekistonning Mustaqillik kuni nishonlanishi munosabati bilan muborakbod etib, Sizga xalqingiz orzu-intilishlarini roʻyobga chiqarish yoʻlidagi saʼy-harakatlaringizda omad tilayman.

Shu fursatdan foydalanib, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni mushtarak manfaatlar yoʻlida barcha sohalarda mustahkamlashga qaratilgan hamkorligimizni qoʻllab-quvvatlashimni taʼkidlayman.

Sizga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat, doʻst Oʻzbekiston xalqiga yanada taraqqiyot va farovonlik tilab qolaman.

Yuksak ehtirom bilan,

Abdulfattoh as-SISI,

Misr Arab Respublikasi Prezidenti

***

Shuningdek, quyidagilar oʻz tabriklarini yoʻllagan:

Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radev

Polsha Respublikasi Prezidenti Anjey Duda

Portugaliya Respublikasi Prezidenti Marselo Rebelo de Souza

Chexiya Respublikasi Prezidenti Milosh Zeman

Ukraina Prezidenti Pyotr Poroshenko

Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud

Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi raisining oʻrinbosari, mudofaa vaziri Muhammad ibn Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud

Laos Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Bunnyang Vorachit

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amirligi hokimi shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum

Qutlovlar kelishi davom etmoqda.

2 143