O‘zA O`zbek

05.08.2020 Chop etish versiyasi

SamDU Mirzo Ulugʻbek madrasai oliyasining vorisi

SamDU Mirzo Ulugʻbek madrasai oliyasining vorisi

OʻzA saytida 2020-yil 5-iyulda Samarqand davlat universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senat aʼzosi, texnika fanlari doktori, professor Rustam Xolmurodovning “Oʻzbekistonda ilm-fanning yangi renessans davri boshlanmoqda” mavzusidagi maqolasi eʼlon qilindi.

Maqolada muallif nafaqat tarixchi olimlar, balki butun ilm ahli, ziyolilar orasida yechimini kutayotgan muammolardan biri – oliy taʼlim tarixini tadqiq etishdek dolzarb masalani koʻtargan. Samarqand Davlat universitetining yoshi 1420-yilda asos solingan Mirzo Ulugʻbek madrasasi vorisiylik anʼanalariga koʻra 600-yil, degan ilmiy xulosalarni bergan.

Jahon sivilizatsiyalari tarixiga nazar tashlaydigan boʻlsak, dunyo tarixida qadimgi davrlardan boshlab faoliyat koʻrsatgan oliy maktablar, madrasalar va universitetlar bugungi tasavvurimizdagi universitetlar kabi tashkil etilib, faoliyat yuritmagan boʻlsa-da, ular oʻz davri uchun yuksak inqilobiy voqelik boʻlgan. Aksariyat koʻpchilik tadqiqotchilarning oliy taʼlim dargohlari dastlab Yevropada paydo boʻlgan va boshqa hududlarga tarqalgan mazmunidagi fikrlari asosli emas. Sababi, oliy taʼlimning paydo boʻlishi koʻp hollarda hududlardagi faol tarixiy-madaniy jarayonlar, ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik bilan bevosita bogʻliq boʻlganligi maʼlum. Lekin muallif oʻz maqolasida oliy taʼlim tizimi dastavval qayerda paydo boʻldi, degan masalani koʻtarmaydi. Chunki, bu alohida oʻrganilishi lozim boʻlgan muammo.

Biz eʼtibor bermoqchi boʻlgan masala shundaki muallif toʻgʻri taʼkidlaganidek, yurtimizdan jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan koʻplab allomalar bugungi Oʻzbekiston hududidan yetishib chiqqan. “Lekin, tabiiy bir savol tugʻiladi: ushbu insonlar aql-tafakkur, ilm-fan, maʼnaviyat-maʼrifat bobida qanday qilib bunday oliy maqomga erishgan? Ular qayerda oʻqigan, kimlardan taʼlim olgan?” Ilmiy-maʼrifiy nuqtayi nazardan nihoyatda haqli savollar.

Muallif koʻtargan mavzu ayni shu kabi savollarga javob beradi. Unda Samarqand Davlat universitetining Mirzo Ulugʻbek madrasasining vorisi sifatida faoliyat koʻrsatishi va uning davomchisi hamda uning dunyo ilm-faniga qoʻshgan munosib hissasi ilmiy jamoatchilik eʼtiboriga havola qilingan.

Samarqanddagi Mirzo Ulugʻbek madrasasiga 1420-yilda Amir Temurning nevarasi Mirzo Ulugʻbek Muhammad Taragʻay asos solgan boʻlib, 2020-yil 21-sentyabrda ushbu madrasa oʻz faoliyatini boshlaganiga 600-yil toʻladi. Mirzo Ulugʻbek madrasasi diniy bilimlar qatori aniq va tabiiy fanlardan dars bergan 200 dan ortiq olimlarni oʻz atrofida birlashtirgan universitet boʻlganligi shubhasiz. Ular orasida Mirzo Ulugʻbek, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, Shamsiddin Muhammad Xavofiy, Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy, Abdurahmon Jomiy kabi yirik olimlar bor edi. XX asr boshlarida oʻz zamonasining yetuk allomalari Xubiy, Vasliy Samarqandiy kabi olimlar turli fanlardan dars bergan. Faoliyati davomida turli siyosiy jarayonlar va tarixiy burilishlarga qaramay Mirzo Ulugʻbek madrasasi faoliyati uzluksiz ravishda 1920-yilga qadar davom etgan va madrasa zamirida shakllangan pedagogik yoʻnalishdagi oliy oʻquv yurti faoliyati davomida 1927-yildan boshlab Samarqand Davlat universiteti shakllanishi uchun zamin yaralganligini yozma manbalar va arxiv hujjatlari isbotlaydi. Shu munosabat bilan Samarqand davlat universitetining Mirzo Ulugʻbek madrasasi vorisi sifatida shakllanganligiga 600-yil toʻlishini respublikada qizgʻin nishonlash yuzasidan boshlangan ishlar xayrli va buyuk maqsadlar sari yetaklaydi.

Yuqoridagi fikrlar Samarqand Davlat universiteti Mirzo Ulugʻbek madrasasining vorisi ekanligi va uning 600-yilligini nishonlashga asos boʻladi. Bu borada muallifning fikrlariga toʻliq qoʻshilgan holda uni qoʻllab quvvatlaymiz.

D. EGAMBERDIYEVA,
Germaniyaning Leybnis Qishloq xoʻjaligi
landshaftlarini oʻrganish tadqiqot
markazi yetakchi mutaxassisi.

1 834
O'zA