O‘zA O`zbek

02.08.2018 12:37 Chop etish versiyasi

Samarqanddagi test jarayonlarini kuzatish uchun jamoatchilik nazorati guruhi tashkil etildi

Samarqanddagi test jarayonlarini kuzatish uchun jamoatchilik nazorati guruhi tashkil etildi

Samarqand viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari R.Qobilov oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish uchun test sinovlari jarayonining shaffof va adolatli o‘tishini ta’minlash, bundan aholini keng xabardor etish maqsadida shunday tashabbus o‘rtaga tashlanganini bayon etdi.

20.JPG

– 1-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda kunning birinchi yarmida o‘tkazilgan test sinovlari vaqtida ota-onalar jarayonni kuzatib borishi uchun o‘rnatilgan monitorlarning ayrimlari ishlamagani haqida xabarlar paydo bo‘ldi, – deydi R.Qobilov. – Bu texnik nuqsonlar qisqa vaqtda bartaraf etildi. Shunga qaramay, ota-onalarda turli tushunmovchiliklar yuzaga kelmasligi uchun o‘sha paytning o‘zida Davlat test markazi viloyat bo‘limi bilan kelishgan holda bir guruh ota-onalarning test o‘tkazilayotgan binolarga kirib, jarayonni bevosita kuzatishiga imkoniyat yaratildi. Bugun esa mahalliy kengashlar deputatlari, jamoat tashkilotlari vakillari hamda abituriyentlarning ota-onalaridan iborat jamoatchilik nazorat guruhi tashkil etishga qaror qildik.

31.JPG

Jamoatchilik nazorati guruhi abituriyentlarni binoga kiritish, test o‘tkaziladigan joylarda yaratilgan sharoit va jarayonni bevosita kuzatib bu haqda ota-onalarga ma’lumot bermoqda.

– Test sinovlari jarayoni katta monitorlarda hamda internetda onlayn tarzda namoyish etilishi bilan birga yuzdan ortiq kuzatuv kameralari orqali yozib olinmoqda, – deydi “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi Samarqand filiali mutaxassisi Abbos Mavlonov. – Bu har bir abituriyentning testdagi ishtirokini kuzatish va qoidaga zid holat ro‘y bersa, tegishli tartibda chora ko‘rish imkoniyatini beradi. Shu sababli monitorlarda ayrim nuqsonlar paydo bo‘lganda ham jarayon to‘liq yozib olinayotganini unutmaslik lozim.

– Test sinovlarida qatnashayotgan qizim monitorda ko‘rinmagach, bu haqda jamoatchilik nazorat guruhiga murojaat qildim, – deydi F.Shukrullayev. – So‘ngra ular bilan birga bino ichkarisiga kirib, imtihon qanday borayotganini kuzatdim. To‘g‘risi, bunchalik sharoit yaratilganini kutmagandim. Hammasi qat’iy intizom asosida, adolatli tashkil etilgan.

G‘.Hasanov, O‘zA
5 695