O‘zA O`zbek

08.09.2018 18:25 Chop etish versiyasi

Samarqanddagi maktabga Lyusyen Keren nomi berildi

Samarqanddagi maktabga Lyusyen Keren nomi berildi Samarqand shahridagi fransuz tiliga ixtisoslashgan 43-umumtaʼlim maktabi endilikda fransiyalik temurshunos olim, professor Lyusyen Keren nomi bilan ataladi.

8 sentyabr kuni mazkur taʼlim muassasasida oʻtkazilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov, Fransiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Violan de Vilmor xonim va Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etib, Lyusyen Kerenning Amir Temur va temuriylar davlatchilik tarixini oʻrganish hamda targʻib etish borasidagi xizmatlari haqida soʻz yuritdi.

Yevropa temurshunosligida fransuz olimlari hamisha oldingi oʻrinda turgan. Bu borada professor Lyusyen Keren (1920-2013)ning alohida oʻrni bor. Taniqli olim 1978 yilda “Amir Temur saltanati” nomli asarini chop etgan. 1996 yilda A.Saidov bilan hammualliflikda tayyorlagan “Amir Temur va Fransiya” risolasi oʻzbek tilida nashr qilingan. 2006 yilda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 670 yilligi munosabati bilan Parijda “Samarqandga, Amir Temur davriga sayohat” fundamental tadqiqot asarini yaratgan.

Lyusyen Keren tashabbusi bilan Parijda tashkil etilgan Temuriylar tarixi va madaniyatini oʻrganuvchilar assotsiatsiyasi bugun ham samarali faoliyat koʻrsatmoqda.

Mehmonlar muassasada yaratilgan shart-sharoitlar, oʻquv jarayonlari bilan tanishdi. Violan de Vilmor xonim maktab oʻqituvchilari va oʻquvchilarga Lyusyen Keren va boshqa fransuz olimlari asarlari, badiiy adabiyotlarni sovgʻa qildi.

Gʻolib Hasanov, OʻzA
1 440