Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.02.2018 12:40 Chop etish versiyasi

Samarqanddagi 10 dan ortiq korxona va tashkilotda bojxona xodimlari tadbirkorlar bilan muloqot qildi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari G‘.Shukurov, bojxona statistikasi va tahlil markazi boshlig‘i A.Sagitov hamda Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i E.Solihov yangi loyiha va takliflar, mavjud muammo va kamchiliklarni o‘rganish maqsadida Samarqand viloyatidagi 10 dan ortiq korxona va tashkilotda bo‘lib, tadbirkorlar bilan muloqot qildi.

Uchrashuvda xususiy tadbikorlar va kichik biznes vakillarining bojxona xizmati bilan hamkorligi masalalari joyida tahlil etildi va zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Oqdaryo tumanidagi “Zarafshon tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischilari import qilinayotgan tovarlarga muvofiqlik sertifikati tovarlar “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilgandan so‘ng olinishi bo‘yicha taklif kiritdi. “Agro-bravo” korxonasi mas’ullari esa, xorijiy hamkorlari tomonidan oldindan haq to‘lamasdan mahsulotni eksport qilish to‘g‘risida murojaat qildi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-noyabrdagi qaroriga asosan mahsulotni oldindan haq to‘lamasdan olib chiqish mumkinligi hamda valyuta tushumi tovarlar eksport qilingandan so‘ng 120 kun muddat ichida kelib tushishi lozimligi tushuntirildi.

Urgut tumanidagi “UrGazCarpet” korxonasi rahbari I.Hakimov bojxona rasmiylashtiruvi yuzasidan muammolar yo‘qligini ma’lum qilib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoyalash maqsadida, import qilinayotgan xomashyoga qo‘shilgan qiymat solig‘ini pasaytirish, tayyor gilam mahsulotlariga import bojxona boj stavkalarini oshirish to‘g‘risida takliflar berdi.

Davlat bojxona qo‘mitasi mas’ul xodimlarining “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi rahbarlari va tadbirkorlar bilan uchrashuvida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida mamlakatimizga olib kirilayotgan texnologik asbob-uskuna va jihozlarga nisbatan bojxona to‘lovlarini imtiyozlarni qo‘llash, yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijga eksport qilish tartibi, tizimda joriy qilingan elektron xizmatlarning qulaylik va afzalliklari, bojxona sohasida qabul qilingan so‘nggi normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Ikki kunlik uchrashuvlar davomida “Urgut” erkin iqtisodiy zonasiga xizmat ko‘rsatuvchi “Samarqand” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postining “Urgut” bojxona punkti faoliyati, “Samarqand aeroport” chegara bojxona postida joriy etilgan ikki yo‘lakli tizim asosida bojxona nazoratini amalga oshirish jarayonida olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishildi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
7 543