Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.08.2017 14:57 Chop etish versiyasi

Samarqandda Xalqaro press-klubning sayyor anjumani o‘tkazildi

Xalqaro press-klubning navbatdagi sayyor anjumani 6-avgust kuni Samarqand shahrida o‘tkazildi.

“Samarqand: Harakatlar strategiyasi – ijro, hayot, mazmun” mavzusidagi anjuman 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining viloyatdagi ijrosi, davlat va hududiy dasturlarning bajarilishi, hududda turizmni rivojlantirish kabi dolzarb masalalarga bag‘ishlandi.

Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi T.Jo‘rayev, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori A.Burhonov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarning yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini oshirishdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining viloyatdagi ijrosi tahlil etildi.

Dasturga ko‘ra, yilning birinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari viloyat, tuman va shaharlarda faoliyat boshlagan. O‘tgan davrda ushbu muassasalarga 15 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan va ularni ijobiy hal etish choralari ko‘rilgan.

Iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish, yetakchi tarmoqlarni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobiga milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish maqsadida umumiy qiymati 130,2 milliard so‘mlik 101 loyiha ishga tushirilib, 1 ming 649 yangi ish o‘rni yaratilgan.

Viloyat mahalliy byudjetining birinchi yarim yillikka belgilangan 684,5 milliard so‘mlik daromadlar rejasi 102,1 foizga bajarilgan. Prognoz rejaning ortig‘i bilan bajarilishi natijasida byudjetga 14,4 milliard so‘m qo‘shimcha daromad tushirilgan. Ushbu mablag‘ asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tadbirlarini moliyalashtirishga sarflanmoqda.

Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini yanada rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan dastur bo‘yicha 3 ming 406 fermer xo‘jaligi ko‘p tarmoqliga aylantirilgan va ular tomonidan 3 ming 586 yangi loyiha amalga oshirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-yanvardagi “Urgut”, “G‘ijduvon”, “Qo‘qon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni asosida “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi uchun viloyatning Urgut, Pastdarg‘om va Nurobod tumanlari hududidan 816 gektar yer ajratildi. 2017-2018-yillarda bu yerda 281,1 million dollarlik 80 loyiha amalga oshiriladi va 5 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Hozirgacha 47 loyiha tasdiqlanib, ularni hayotga tatbiq etishga kirishilmoqda.

Aholini tadbirkorlikka keng jalb etish borasida tijorat banklari tomonidan olib borilgan amaliy ishlar natijasida viloyatdagi 17 mingdan ortiq xonadonga jami 114,5 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan.

Harakatlar strategiyasi ijrosiga ko‘ra, tadbirkorlar va fuqarolar uchun 40 turdagi faoliyat bo‘yicha litsenziya olish uchun onlayn ariza yuborish, arizani ko‘rib chiqish holatini kuzatib borish, litsenziyalovchi organ va ekspert komissiyalari ishini avtomatlashtirish, litsenziyalar reyestridan onlayn foydalanish imkoniyatlarini beruvchi elektron litsenziyalash portali yaratildi.

Viloyatning sayyohlik imkoniyatlaridan samarali foydalanish va uning salohiyatini oshirish borasida ham bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Samarqand shahrida “Samarkand siti” turistik markazi qurilishiga kirishildi. Yangi turistik yo‘nalishlar yaratish, turizmning zamonaviy turlarini rivojlantirish maqsadida eko, agro, sport turizm yo‘nalishlarida bir qator obyektlar turistik marshrutga kiritildi. Yaponiya, Malayziya, Indoneziya va boshqa davlatlardan charter reyslar orqali sayyohlarning Samarqandga sayohati uyushtirildi.

Tibbiy turizm yo‘nalishida viloyatdagi 270 dan ortiq xususiy tibbiyot markazi faol ishtirok etmoqda. Ushbu klinikalar zamonaviy tibbiy uskunalar va yuqori malakali mutaxassislar orqali yurtimizga kelgan sayyohlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan birga, xorijdan aynan davolanish maqsadida Samarqandga keluvchilar safi kengayishi uchun samarali ish olib bormoqda.

Anjuman davomida ishtirokchilar yoshlar ta’lim-tarbiyasi, to‘y-ma’rakalarni ixcham va kamchiqim o‘tkazish, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, joylarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, Samarqand shahrida amalga oshirilayotgan qurilish-obodonlashtirish ishlari haqida o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdi. Viloyat aholisi telefon orqali o‘zlarini qiziqtirayotgan savollar bilan murojaat qilib, mutasaddilardan javob oldi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
3 216






Все о погоде - Pogoda.uz