O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

Samarqandda til bayramida ilk bor konsert tashkil etildi

Samarqandda til bayramida ilk bor konsert tashkil etildi

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun, “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan sana – 21 oktabrda har yili Samarqand shahridagi Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgan bog‘da marosim o‘tkaziladi.

Odatda, bu tadbirda viloyat va shahar hokimligi vakillari, yozuvchi va shoirlar, Samarqanddagi oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari va talabalar, umumta’lim maktablari o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etadi.

Viloyat faollari, olimlar so‘zga chiqib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishining ahamiyati haqida gapirishadi. Talabalar she’rlar o‘qiydi. Hafsala qilinsa, boshqa tilda so‘zlashuvchi millat vakillari topilib, ularga ham so‘z beriladi. Uning o‘zbekcha gapirishi olqishlanadi. Keyin viloyat drama teatri aktyorlari sahna ko‘rinishlari namoyish etadi. Yakunda buyuk mutafakkir haykali poyiga gullar qo‘yiladi va hamma tarqaladi. Samarqand davlat universitetida o‘zbek filologiyasi fakulteti o‘qituvchi va talabalari tomonidan ilmiy anjuman o‘tkazilishi mumkin.

Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bog‘ida bu yil ham 21 oktabr bilan bog‘liq tadbirlar deyarli shu tartibda boshlandi. Faqat, bu yil tadbir ishtirokchilari har yilgidan ko‘proq, poytaxtdan mehmonlar bor edi.

Marosim qatnashchilarini Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari R.Qobilov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi A.Azimov tabrikladi.

Yana boshqa tabrik va dil izhorlaridan keyin, haykal poyiga gullar qo‘yildi. So‘ngra hamma tarqalib ketmadi.

Tadbir ishtirokchilari bog‘ yaqinidagi Yoshlar markaziga, bayram munosabati bilan tashkil etilgan konsert dasturiga taklif etildi.

Dastur avvalida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi F.Toshev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinganligining 30 yilligi bilan tabrikladi. Prezidentimiz qaroriga ko‘ra, bu yil ushbu sana keng nishonlanayotganini ta’kidladi.

Payariq tumanidagi 20-maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Nadejda Krupskaya ham shu tobda ko‘nglidan kechayotganlarini boshqalar bilan baham ko‘rdi:

– Men Payariq tumanida tug‘ilganman, millatim – rus. Lekin o‘ttiz yildan buyon bog‘chada bolalarga o‘zbek va rus tillarida saboq beraman. Hozir ko‘pchilik ota-onalar farzandlari bir nechta tilni bilishini istaydi. Bu yaxshi albatta. Lekin bola eng avvalo, o‘zbek tilini, o‘z ona tilini yaxshi bilishi kerak. O‘zbekcha fikrlab, tafakkur qilib, o‘zbekcha gapirishi zarur.

Nadejda Krupskayaning o‘zbek tilida dona-dona qilib aytgan bu so‘zlari barchaga manzur bo‘ldi.

Shundan so‘ng samarqandlik va poytaxtdan kelgan san’atkorlar tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

Tadbirda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov ishtirok etdi.

568
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA