O‘zA O`zbek

29.08.2018 18:38 Chop etish versiyasi

Samarqandda “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi ochildi

Samarqandda “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi ochildi Samarqand davlat universitetida “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi ochildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori B.Hasanov, Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari R.Qobilov va boshqalar Vatanimiz mustaqilligi hamda tinchligi yoʻlida qurbon boʻlganlar xotirasini abadiylashtirish borasida mamlakatimizda keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganinitaʼkidladi.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va hududlardagi oliy taʼlim muassasalari tuzilmasida Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeylarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ham shu maqsadga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega.

– Yurtimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligi yoʻlida jon fido qilganlar xotirasini abadiylashtirish, ularning mardligi va jasorati haqida yosh avlodga taʼsirchan maʼlumotlar yetkazish muhim vazifamiz hisoblanadi, – deydi muzey direktori Suyun Karimov. – Muzeyni tashkil etishda belgilangan nizom talablariga eʼtibor qaratildi. Xususan, maʼrifatparvar, xalqparvar ajdodlarimizning el-yurt ozodligi, xalqni maʼrifatli qilish borasidagi mashaqqatli mehnatlari haqida keng maʼlumotlar toʻplandi. Tarixiy hujjatlar, ashyolar jamlanib, muzeydan oʻrin oldi.

Muzeyda “Oʻrta Osiyo (Turkiston)ning Chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi va mahalliy xalqning bunga qarshi kurashi, Samarqandning bosib olinishi (1868-1900)”, “Milliy uygʻonish harakati, uning namoyon boʻlishi va amaliy yoʻnalishlari (1901-1917)”, “Turkiston muxtoriyati hukumati tugatilishi va sovet davlatida qatagʻon siyosatining boshlanishi (1917-1924)”, “1937-1938 yillardagi siyosiy qatagʻonlar”, “1940-1950 yillardagi qatagʻon siyosati”, “Mustaqillik yillarida tarixiy adolatning tiklanishi, qatagʻon qurbonlari xotirasining abadiylashtirilishi, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilgan tarixiy ishlar (1991 yildan keyingi davr)” kabi 8 boʻlim mavjud.

Ularda mustamlakachilik va mustabid tuzum davrida roʻy bergan hodisalar, ushbu davrda Vatanimiz ozodligi va mustaqilligi yoʻlida jon qurbon qilgan, qatagʻon etilgan ajdodlarimiz hayoti va faoliyati haqida atroflicha maʼlumotlar keltirilgan. Shuningdek, ushbu davrlarga oid suratlar va turli buyumlar muzey eksponatlari qatoridan joy olgan.

Gʻolib Hasanov, Alisher Isroilov (surat) OʻzA
1 422