Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.01.2018 13:18 Chop etish versiyasi

Samarqandda mahalla fuqarolar yig‘inlari mahalla markazlari loyihasining taqdimoti o‘tkazildi

Samarqandda mahalla fuqarolar yig‘inlari mahalla markazlari loyihasining taqdimoti o‘tkazildi Urgut tumanida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Samarqand viloyati kengashi tashabbusi bilan sayyor seminar o‘tkazildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalariga Murojaatnomasida bayon etilgan tanqidiy fikrlar, ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar asosida mahalla fuqarolar yig‘inlari oldida turgan vazifalarni belgilab olish, o‘zaro tajriba almashish maqsadida tashkil etilgan tadbirda “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman, shahar bo‘limlari raislari, hokimlarning yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, bir qator davlat va jamoat tashkilotlari vakillari qatnashdi.

5.JPG

– Davlatimiz rahbarining 2017-yil 3-fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini bugungi kun talablari darajasida takomillashtirish va yangicha asosda tashkil etishga huquqiy poydevor yaratdi, – dedi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Samarqand viloyati kengashi raisining birinchi o‘rinbosari M.Boboyorov. – O‘tgan bir yilda davomida bu borada amalga oshirilgan ishlarga barchamiz guvohmiz. Endilikda oldimizda yana ham ulkan vazifalar turibdiki, ularni bajarishda davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda ishlashimiz, jamoatchilik nazorati instituti imkoniyatlaridan samarali foydalanishimiz lozim. Shu bois kengashning yaqinda o‘tkazilgan yig‘ilishida jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning amaliy tadbirlariga keng jamoatchilikni jalb qilish maqsadida “Maslakdosh, yelkadosh, raqobatdosh”, “Mahalla kuni”, “Ochiq hisobot darslari”, “Kitob taqdimotlari”, “Malaka” kabi loyihalar dasturini innovatsion yondashuv sifatida viloyat bo‘yicha amaliyotga keng joriy etishga qaror qildik.

9.JPG

Urgut tumani hokimi o‘rinbosari I.Jabborov tumanda tadbirkor va homiylar ko‘magi, aholining bevosita ishtirokida zamonaviy mahalla markazlari qurish tajribasi haqida gapirib berdi. 2017 yilda tumanda 10 fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi ana shu tashabbus bo‘yicha yangi binoga ega bo‘lgani qayd etildi. O‘z navbatida, 2018 yilda qurilishi rejalashtirilgan “So‘fiyon”, “Chorchinor”, “G‘o‘slik”, “Qolduvoyjar”, “O‘roqboyjar”, “A’loxotin”, “O‘zbekiston”, “Quyiguzar” mahalla fuqarolar yig‘inlari mahalla markazlari loyihasi taqdimoti o‘tkazildi.

Shundan so‘ng seminar sayyor o‘quv tarzida davom etib, viloyat kengashi tomonidan hayotga tatbiq etilayotgan loyihalar mahallalar misolida o‘rganildi. Jumladan, “Satang” mahalla fuqarolar yig‘inida “Maslakdosh, yelkadosh, raqobatdosh” loyihasining muhim tarkibiy qismi hisoblangan profilaktika inspektorining mahalla fuqarolar yig‘iniga hisobot berish jarayoni kuzatildi. Profilaktika inspektori A.Mahmudov hududda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, notinch oilalar bilan ishlash, voyaga yetmaganlar huquqini himoya qilish, maktabdagi davomat va boshqa masalalar haqida axborot berdi. Olib borilayotgan profilaktik ishlarga qaramay, 2017 yilda mahalla hududida beshta jinoyat sodir etilgan. Mahalla hududiga videokuzatuv moslamalari o‘rnatish ishlari esa hali boshlanmagan.

Hisobot bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘ini, viloyat va tuman ichki ishlar idoralari mas’ul xodimlari munosabat bildirib, inspektor faoliyati qoniqarli emas deb topildi va A.Mahmudov ushbu vazifadan ozod etildi.

Seminar qatnashchilari “Jarqishloq” mahalla fuqarolar yig‘inida “Mahalla kuni” loyihasi doirasidagi patronaj xizmati faoliyati bilan tanishdi.

– Mahallamizdagi 663 xonadonda 3600 dan ziyod aholi istiqomat qiladi, – deydi “Oqqo‘rg‘on” hududiy poliklinikasi umumiy amaliyot shifokori E.A’zamov. – 3 nafar patronaj hamshirasi bilan birga, mahalla ahliga tibbiy xizmat ko‘rsatamiz. Xonadonlarga har oyda bir marta rejali tashrif bilan boramiz. Bundan tashqari, bemorlar, nogironlar, homilador ayollar va yosh bolasi bor oilalarga muntazam kiriladi. Mahalla hududidagi qishloq vrachlik punkti menga xizmat uyi sifatida foydalanishga berilgan. Har doim aholi xizmatiga shay turamiz. Zarurat tug‘ilganda poliklinikadan tez yordam mashinasi chaqiramiz. Mahalla fuqarolar yig‘ini bilan hamkorlikda ishlayotg
animiz natijasida hududimizda onalar va bolalar o‘limi kuzatilgani yo‘q. Bolalar va kattalarda uchraydigan turli yuqumli kasalliklar kamaygan.

Sayyor seminarning navbatdagi manzili Chumchuqli mahallasi bo‘ldi. Tadbir ishtirokchilari bu yerda dastlab 2017 yilda hashar yo‘li bilan bunyod etilgan mahalla markazi binosi va bu yerda xodimlar uchun yaratilgan sharoit bilan tanishdilar. So‘ngra, hududdagi 64-umumiy o‘rta ta’lim maktabi misolida "Ta’lim muassasasi – mahalla – oila" hamkorligi qay darajada yo‘lga qo‘yilgani, darsdan tashqari to‘garaklar faoliyati o‘rganildi.

– Viloyat mahallalar kengashi tashabbusi bilan xalq ta’limi boshqarmasi hamkorligida ta’lim muassasalarida har o‘quv choragida kamida bir marta ota-onalar ishtirokida “Ochiq hisobot darslari” o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz, – deydi 64-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Islom Po‘latov. – “Sifatsiz dars – kelajakka xiyonat” shiori ostidagi bu tadbirlar, avvalo, o‘qituvchi va ota-onalar hamkorligini mustahkamlaydi, o‘quvchilar davomatini yaxshilash, o‘qituvchi va murabbiylar malakasini oshirishga yordam beradi. Bugun maktabimizda ilk bor ushbu tadbir o‘tkazilib, mahalla fuqarolar yig‘ini, profilaktika inspektori va ona-onalar ishtirokida ikkinchi o‘quv choragi yakunlari tahlil etildi. Ota-onalar farzandlarining sinf rahbarlari bilan fikrlashib oldi.

Darvoqe, viloyatdagi ta’lim muassasalarida har oyning oxirgi shanbasi “Kitob taqdimotlari kuni” deb belgilandi. Bugungi kunda viloyatda 1209 umumta’lim maktabi, 173 o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasi mavjud. Ushbu muassasalardagi sinflar va guruhlar kesimida hisob-kitob qilinganda, bir yilda 24 ming 332 kitob mutolaa qilish va taqdimotini o‘tkazish mumkin. Bu tadbirlarda 657 mingdan ortiq o‘quvchi ishtiroki ta’minlanadi.

Seminar ishtirokchilari tumandagi Yetti uylik mahallasi misolida doimiy ish bilan band bo‘lmagan aholini vaqtinchalik haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etish borasida to‘plangan tajriba va uning samarasi bilan tanishdi.

Ayni paytda o‘n nafarga yaqin fuqaro mahalla hududidagi jamoat ishlariga jalb etilgan holda, oylik ish haqi olib mehnat qilmoqda. Kelgusida ular safini yanada kengaytirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Joriy yilning birinchi yarmida mazkur tartib asosida viloyatdagi 1089 mahalla fuqarolar yig‘inining har birida kamida besh nafardan fuqaroni ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Bu mahallalardagi kam ta’minlangan oilalar sharoitini yaxshilash, mutaxassisligi yoki kasb-hunari bo‘lmagan yuzlab kishilarning ish o‘rniga ega bo‘lishiga xizmat qiladi.

Tadbirda viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari M.Xoliqov Prezidentimizning 2017 -yil 12- sentabrdagi “Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etishda mahalla fuqarolar yig‘inlari oldida turgan vazifalar xususida gapirdi.

Seminarning asosiy xulosasi bunday bo‘ldi: Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida viloyat mahallalar kengashi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar mahallani xalqning chinakam maslakdoshi va ko‘makchisiga aylantirishga, kuchli fuqarolik jamiyatini qaror toptirishga xizmat qiladi. Seminar – bu jarayon boshlangani haqidagi bong bo‘ldi.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
5 337