O‘zA O`zbek

12.02.2020 Chop etish versiyasi

Samarqandda Imom Moturidiy hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan haftalik o‘tkazilmoqda

Samarqandda Imom Moturidiy hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan haftalik o‘tkazilmoqda

Joriy yil 3-5 mart kunlari Samarqandda o‘tkaziladigan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzuidagi xalqaro anjumanga viloyatda qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Anjuman oldidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi va viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari hamkorligida Imom Moturidiy hayoti va ilmiy merosi targ‘ibotiga bag‘ishlangan haftalik o‘tkazilishi belgilangan.

Haftalik doirasida Samarqanddagi ta’lim muassasalari va mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib, unda Imom Moturidiy hayoti va ilmiy merosi xususida ma’lumot berish, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan mutakallimning xorijdan olib kelingan asarlari taqdimoti o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Samarqand davlat universitetidan boshlangan haftalikning dastlabki tadbirida xalqaro markaz ilmiy xodimlari, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.

– Xorijiy davlatlardagi ilmiy muassasalar, oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorligimiz natijasida 2019 yilda Misr Arab respublikasidan Imom Moturidiy qalamiga mansub ko‘plab asarlar keltirildi, – deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov. – Yaqinda esa Turkiyaning Marmara universiteti Ilohiyot fakultetidan 18 jildik “Ta’vilotul Qur’on” asarining turk tilidagi tarjimasini olib keldik. Bugungi tadbirda mazkur asarlar va Markaz ilmiy xodimlari tomonidan “Jaholatga qarshi ma’rifat” rukni ostida nashr etilgan kitoblar taqdimoti ham o‘tkazildi.

Tadbirda, Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro anjuman va unga tayyorgarlik jarayonlari haqida ham ma’lumot berildi. 
Haftalik tadbirlari davom etmoqda.

1 377
G‘.HASANOV, O‘zA